Shimoliy Koreya o'rta masofaga mo'ljallangan ballistik raketa uchirdi – OAV

    KXDR Pxenyan hududidan Yapon dengizi yo'nalishi bo'ylab o'rta masofaga mo'ljallangan bitta ballistik raketa uchirdi, deb yozadi Ryonxap agentligi Janubiy Koreya shtab boshliqlari birlashgan qo'mitasiga tayanib.

    Avvalroq Shimoliy Koreya joriy yilda ilk bor Yapon dengizi tomon ballistik raketa uchirgani xabar qilingandi.

    Janubiy Koreya shtab boshliqlari birlashgan qo'mitasi ma'lumotlariga ko'ra, harbiylar tushga yaqin Pxenyan hududidan bitta raketa uchirilganini qayd etgan.

    “Shimoliy Koreya Yapon dengizi (Sharq) tomon ballistik raketa uchirdi”, deya xabar berdi harbiylar.

    Ular raketaning uchgan masofasini va boshqa tafsilotlarni tahlil qilishmoqda.

    “Harbiylar keyingi ehtimoliy uchirilishlarga tayyorgarlik ko'rish maqsadida kuzatuv va nazoratni kuchaytirdi, Shimoliy Koreyaning ballistik raketalari haqida AQSh va Yaponiya bilan yaqindan ma'lumot almashmoqda hamda to'liq jangovar shaylik holatini saqlab turibdi”, dedi Shtab boshliqlari qo'mitasi.

    Agentlik ta'kidlaganidek, bu KXDRning joriy yilda birinchi bor ballistik raketa uchirishi bo'lib, 2024-yil 5-noyabrda qisqa masofali ballistik raketa uchirilganidan ikki oy o'tib sodir bo'ldi, deb xabar beradi ria.ru.