Shimoliy Soʻx yerosti gaz saqlash inshooti yana qayta ishga tushirilishi mumkin

    Sanoat 2 Fevral 2023 1254

    Shimoliy Soʻx yerosti gaz saqlash inshootining hajmi taxminan 2,5-3 mlrd kub metr atrofida.

    Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev kecha, 1-fevral kuni Andijon shahrida oʻtgan yigʻilishda maʼlum qildi.

    “Afsuski oʻz vaqtida Soʻxdagi yerosti gaz saqlash inshooti ayrim sabablar bilan yopib qoʻyilgan edi. Qirgʻizistondagi davlat tashrifi chogʻida Sadir Japarov bilan bu masalada ham kelishib oldik. Yaqinda energetika vazirimiz Qirgʻizistonga borib, texnik tomonlarini kelishib keladi”, — dedi Prezident.

    Shuningdek, OʻzA mazkur masala yuzasidan energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudovdan intervyu oldi.

    «Shimoliy Soʻx yerosti gaz saqlash inshootining hajmi taxminan 2,5-3 mlrd kub metr atrofida. Shundan 1,3 mlrd kub metr gazdan foydalanish mumkin, qolgani bufer zonada turadi. Bu degani qish mavsumida vodiyni har kuni 13 mln kub metr gaz bilan taʼminlash imkoniyatimiz boʻladi.

    Mazkur inshootning asosiy gaz saqlash qismi Qirgʻiziston hududida joylashgan, kompressorlar esa Oʻzbekiston hududida. Shu sababli inshootdan umumiy foydalanish borasida muzokaralar olib boriladi.

    Eng avvalo ishchi guruh barcha texnik va iqtisodiy tomonlarini batafsil oʻrganib chiqadi. Chunki inshootdan ancha yillardan buyon foydalanilmagan, hozirgi holatini yaxshilab oʻrganib chiqishimiz kerak. Shundan soʻng shartlar kelishib olinadi. Balki bu ijara huquqi asosida boʻlar, lekin hozircha biror fikr aytishga erta», — dedi energetika vaziri.