Poytaxtimizning Olmazor tumanidagi “SHodiyona” mahallasi ahli, ayniqsa, bolalari yaqin yillargacha qaerda futbol o'ynasak, qaerda yugursak, qaerda jismoniy tarbiya bilan shug'ullansak, deya sarson edi. Davlatimiz rahbari beshta muhim tashabbusni ilgari surdi-yu, muammo o'z-o'zidan hal bo'ldi.

Ikkinchi tashabbus – yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida “SHodiyona”da futbol maydoni barpo etildi. Oradan ko'p o'tmay, zamonaviy bolalar o'yin maydonchalari birin-ketin foydalanishga topshirildi. Bugun ular soni beshtaga etdi. YAqin-yaqingacha bolalarining darsdan bo'sh vaqtini qanday tashkil etishni bilmay boshi qotadigan mahalla faollari va ota-onalar bundan behad mamnun.

Mahalla oqsoqoli Ubaydulla ota Usenov yoshlar ishlari bo'yicha maslahatchi Oybek Kamoliddinovni huzuriga chorlab, bu qulaylikdan oqilona foydalanish bo'yicha chora-tadbirlar rejasi tuzishni topshirdi. Darhol ishga kirishildi. Avvalo, hududga tutash joylashgan maktablarning jismoniy tarbiya o'qituvchilari bilan hamkorlikda sport mashg'ulotlari rejasi ishlab chiqildi. SHu asosda mahalla bolalarini sportga muntazam jalb etish, bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazish borasidagi ishlar tizimli yo'lga qo'yildi. Bolalar ham bu imkoniyatdan oqilona foydalanishga harakat qilmoqda. YAqinda tuman mahallalari o'rtasida o'tkazilgan futbol musobaqasida shodiyonaliklar g'olib bo'lgani buning isboti. Qolaversa, mahalla yoshlari tuman hokimi kubogi uchun o'tkazilgan turli sport musobaqalarida, sektorlar o'rtasida tashkil etiladigan  bellashuvlarda sovrindorlar safidan joy olmoqda. Mahalla oqsoqoli xonasining bir burchagini erishilgan ana shunday  natijalar aks etgan tashakkurnoma va faxriy yorliqlar bezab turibdi.

Mahallada bu borada yaratilgan sharoitlar bilan bevosita tanishish uchun guzarga kirib borganimizda bir guruh  o'quvchilar  shaxmat o'ynayotgan, mahalla oqsoqoli esa, ularga haqamlik qilayotgan ekan. YAna bir guruh bolalar esa futbol maydonida edi. Bolalarni suhbatga tortdik.

– 249-maktabning 7-sinfida o'qiyman, – deya tanishtiradi o'zini  Abdulloh Asadullaev. – Maktabimizda sportning barcha turlari bilan shug'ullanish uchun sharoit etarli. Mahallamizda ham shunday qulaylik yaratilgani juda zo'r ish bo'ldi. CHunki darsdan bo'sh vaqtimiz, asosan, mahallada o'tadi. Mahallamiz futbol maydoni doimo yoshlar bilan gavjum. Bu erda o'zaro bellashamiz, mahoratimizni oshiramiz. G'olib jamoalar tumanda bo'lib o'tadigan turli sport tadbirlariga qatnashishi mumkin. Bu imkoniyat bizning qiziqish va salohiyatimizni ro'yobga chiqarishda qo'l kelmoqda.

Futbol maydonchasiga yoshdosh  bolalar o'yin maydonchasi ham o'g'il-qizlar bilan gavjum. Bu erda yigirmadan ortiq  turli  o'yin qurilmasi o'rnatilgan. Ulardan nafaqat kichkintoylar, balki o'smirlar, katta yoshlilar ham bemalol foydalanishlari mumkin.

– Ayniqsa, erta saharda va kechki salqin paytlarda bu joy aholi bilan gavjum bo'ladi, – deydi 57 yoshli Lobar YUsupova. –. Sport bilan shug'ullanish farzandlarimizning ham, o'zimizning ham sog'lig'imiz uchun juda foydali. Masalan, men qand kasalligidan aziyat chekardim. Har kuni muayyan vaqtda mashg'ulot o'tkazishim natijasida ahvolim yaxshilanmoqda. YOshlar xursand, keksalar duoda.

  Darhaqiqat, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus hamda “Obod mahalla” dasturi doirasida joylarda amalga oshirilayotgan bunday ezgu ishlar aholi, ayniqsa, yoshlar o'rtasida ommaviy sportni targ'ib etish,  yosh avlodni sog'lom va barkamol etib voyaga etkazish, ularda turli yot g'oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni mustahkamlashda muhim omil bo'layotir.

Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi ma'lumotiga ko'ra, yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasidagi qobiliyatini namoyon qilishi uchun zarur shart-sharoit yaratish maqsadida 2021 yilning birinchi choragida 70 mingga yaqin turli sport musobaqasi tashkil etilgan. Bu sport musobaqalariga 2 milliondan ziyod ishtirokchi qamrab olingan.

Jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug'ullanish hamda sog'lom turmush tarzi bo'yicha hayotiy ko'nikmalarni shakllantirish orqali odamlardan kasallikka qarshi kuchli immun tizimi paydo bo'lishini ta'minlash maqsadida  “Sog'lom turmush tarzi rivojlangan mahalla” tanlovi o'tkazilmoqda. Ko'rik-tanlov har chorak yakuni bo'yicha o'tkaziladi hamda unda ishtirok etgan mahalla fuqarolar yig'inlari aholining doimiy ravishda jismoniy tarbiya mashg'ulotlariga jalb etilishi, sog'lom ovqatlanish va sog'lom turmush tarziga rioya qilishi, mahallada zarur sport infratuzilmasi mavjudligi, o'tkazilgan musobaqalar soni, mahalla aholisining kasallanish darajasi pasayib borishi ko'rsatkichlariga ko'ra baholanadi.

Joriy  yilning birinchi choragi yakunlariga ko'ra, tanlovda yurtimizdagi mavjud  mahalla fuqarolar yig'inlarining qariyb 70 foizi  ishtirok etdi. Tanlov doirasida o'tkazilgan tadbirlarda esa  865 ming 200 ga yaqin  fuqaroning ishtiroki ta'minlandi.

– Mahallamiz ham ana shunday tadbirlarda  faol ishtirok etib kelmoqda, –deydi U.Usenov. – Ayniqsa, yoshlarimiz tashabbuskorligi va intiluvchanligi bilan o'ziga xos natijalarga erishmoqda. Tabiiyki, biz, mahalla faollari hamisha ularni qo'llab-quvvatlash va ko'mak berishga harakat qilamiz. Zero, bugungi kun talabi ham yoshlarni har tomonlama chiniqtirish,  farzandlarimizning intellektual salohiyatini ro'yobga chiqarish, ularni ertangi kunimizning munosib davomchilari etib tarbiyalashdir

Bahor XIDIROVA,

          “YAngi O'zbekiston” muxbiri