Mazkur holat yuzasidan Buxoro viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi munosabat bildirdi.
Joriy yil 6-oktyabr kuni soat 10:00 atrofida Shofirkon tumanining “Joʻyrabod” MFY hududida yashovchi ayol M.I. tuman tugʻuruq boʻlimida tabiiy yoʻl bilan oʻgʻil farzandni dunyoga keltirgan.
Tugʻruqdan keyingi 2-3-sutkada amaldagi milliy emlash kalendari asosida yangi tugʻilgan chaqaloq gepatit B hamda silga qarshi (BSJ) emlangan.
9-oktyabr kuni silga qarshi emlashdan soʻng goʻdakda bezovtalik kuzatilgani, amaldagi standartlarga muvofiq, vaksina olgandan keyin 1-2 kun davomida chaqaloq tibbiy kuzatuvda boʻlishi lozimligi aytilishiga qaramay, M.I. qaynotasining qistovi bilan uyga javob berishlarini soʻragan.
Tugʻuruq boʻlimi tibbiyot xodimlari tomonidan bemorga javob berilmasligi maʼlum qilingan.
Shundan soʻng M.I.ning yaqin qarindoshlari (qaynotasi va turmush oʻrtogʻi) tugʻuruqxona xodimlari tomonidan pul talab qilinganini vaj qilib janjal koʻtargan va muassasa kirish eshigini sindirgan.
Oʻsha kuni bemor soat 23:00 atrofida yaqin qarindoshlari qatʼiy talabi asosida uyiga chaqalogʻi bilan birga qoniqarli ahvolda olib ketilgan.
Hozirgi kunda mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.