Mehnat odamni boqadi, tarbiyalaydi, ulug'laydi, deganda beixtiyor ibtidoiy zamonlaru tarixiy kinolardagi yarim yalang'och avomlarning toshu tayoqlar bilan bahaybat momontlarni ovlashlari va insoniyatning zinama-zina o'sishida mehnatning xizmati naqar ulkanligi esga tushadi. So'ng, mehnatsiz yaxshi yashash, durust yeb-ichish, bejirim kiyinish dargumonligi, miriqib ishlaganlarning esa rohatlanib uxlashi, ertangi hayot uchun kuch to'plashlari o'ta boshlaydi xayolingizdan. Shu zayl mehnatning qadri to'g'risidagi hikmatlar quchog'ida haqiqatlar daryolari sharqirab oqib yotganiga amin bo'lasiz. Ammo, tanu joningiz salomat, etti muchalingiz baquvvat bo'lsa-yu, ishlaydigan joy bo'lmasa, nima qilmoq kerak? Misol uchun, dehqon bo'lsangizu dalangiz, ishchi bo'lsangizu korxonangiz, muallim bo'lsangizu maktabingiz, shifokor bo'lsangizu shifoxonangiz bo'lmasa... Yanayam teranroq anglaysiz, ish o'rni degani insoniyat taraqqiyotining eng birinchi omili ekanini. Ayni chog'da, fuqarolari ish bilan ta'minlangan mamlakatlar qanchalar tez o'sgani-yu, ta'minlanmaganlari nega joyida depsinib, muammolar girdobida bo'g'ilib qolgani ham ayon bo'ladi.
Bunday azoblarning nima ekani bizga – kechagina uning taxir va achchiq ta'mini totib ko'rganlarga ayniqsa, oynadek ravshan. Biz, ishsizlik – nochorlikka, nochorlik – umidsizlikka, umidsizlik – ishonchsizlik va g'azabga, g'azab esa turli qing'irligu o'g'rilik kabi illatlarga aylanishini ham ko'rdik. Va... afsuslar bo'lsinki, hali-hanuz shu asoratning sovuq panjalaridan batamom qutilib ketolganimiz yo'q.
Ishsizlik tufayli sahrodagi etim saksovulday, poezd orqasidan mung'ayib qolgan yo'lovchiday, cho'l qa'riga singib ketayotgan jilg'aday mahzun qiyofalarga tez-tez duch kelish mumkin edi yaqin-yaqinlargacha ko'cha-ko'ylarda. So'nayotgan sham misol xira edi ularning nigohlari. Ne qilarin bilolmay, to'da-to'da bo'lib o'zga yurtlarga mardikorlikka ketayotganlarning adog'i ko'rinmasdi. Mo'ylovi endi-endi maysa bo'layotgan yosh-yalanglar, qanoti ostida uch-to'rttalab jo'jalari bo'lgan erkaklar, muallimlar, olimlar, ishchilar, hunarmandlar - eh-he, kimlar yo'q edi deysiz ularning orasida.Urush davrida qurol ishlatishni bilmagan, harbiy dunyo makrlaridan bexabar yigitlar jang maydonlarining eng olovli nuqtalariga tashlangani singari, kasbi-kori yo'q, xorijiy tillardan bexabar, To'ytepadan narini ko'rmagan yoshlar majbur edilar o'zgalar eshigida qora yumushlarni bajarishga. SHoirlar yonog'idagi bir dona qora xoli uchun Samarqandu Buxoroni in'om qilgulik suluv qizlar, go'zal ayollarni aytmaysizmi? Munisu munir onalar-chi? Chetdagilar tugul o'zimizdagilar, shu erdagilar-chi? Yuraklar ezilib ketmasmidi mardikor bozorlarida mungli ko'zlari jovdirab turgan qiz-juvonlarni ko'rganda? ezilardi, qiynalardi! Ammo, iloj qancha? Tubsiz quduqqa tushib ketgan-u, na echimi, na iloji yo'qdek edi go'yo. Hamma izlanib, qidirayotganga o'xshar, lekin darak yo'q edi miltillagan uchqundan.
Shuning uchun bo'lsa kerak albatta, Shavkat Mirziyoev prezidentlik vazifasini bajarishga kirishgan ilk daqiqalardayoq ishsizlikni kamaytirish davlat siyosatining bosh bo'g'iniga aylandi. Yangi ish o'rinlari yaratish yo'lida jamiki ichki va tashqi imkoniyatlardan foydalanishga kirishildi. Katta-kichik korxonalar tashkil etildi, tadbirkorlar, fermerlar, ishbilarmonlar yo'lidagi to'siqlar olib tashlandi, baland parvoz uchun moviy yo'laklar ochib berildi ularga. Xorijlik investorlarning kelishi ko'paydi. Mamlakatning qator shahar va qishloqlari qurilish maydoniga aylanib ketdi. Ammo, shuncha sayharakatlarga qaramay ishsizlik, kambag'alchilik tugamadi. “Temir daftar” degan atama ana shunday murakkab kunlarda lug'atimizga kirib keldi. Bu daftarning sirli- sehrli qudratini, u hademay, million-million qalblarda umid mash'allarini alanga oldirajagini, uning kashfiyotchisidan boshqa hech kim bilmas va to'la-to'kis anglamas edi o'sha kunlarda. Hatto, hozir tan olib qayd etish kerakki, bu tag'in nimasi, nima degani bu – “Temir daftar?”, deguvchilar ham mo'l edi. “Temir daftar”ning har sahifasi yuz minglab qo'li kalta vatandoshlarimiz uchun najot qal'alariga aylanishi, rostini aytaman, mening tasavvurimga ham siqqan emasdi.
Vazifam yuzasidan Prezidentimiz o'tkazayotgan ayrim mashvarat va vidioselektor yig'ilishlarida ishtirok etaman. eshitganlarimni, ulgurganimcha daftarga yozib boraman.
“Ishsizlikni tugatish – har bir rahbarning vijdon oldidagi, imon-e'tiqod oldidagi, millat oldidagi hisoboti bo'lishi kerak, – dedi selektor yig'ilishlarining birida davlatimiz rahbari. – Men, Vatan va xalq oldidagi burchimni vijdonan bajaryapmanmi, degan savol kechayu kunduz qiynashi kerak har bitta amaldorni. Bugundan boshlab “Temir daftar” tashkil qilinadi. Dastavval O'zbekistonda qancha ishsiz va qancha kambag'al borligini aniqlab, “Temir daftar”ga yozamiz. Keyin ularni bittama-bitta o'rganib, har biriga aniq yordam beruvchi “Yo'l xaritasi” yaratamiz. endi davlat xizmatchilari kabinetni qo'riqlab o'tirmaydi, ko'chaga chiqadi, odamlar orasiga kiradi, qishloqma-qishloq, uyma-uy yuradi, ko'radi, muammoni hal qilish choralarini izlaydi, dastur tayyorlaydi. Davlat xizmatchilarining davlatga sadoqati, ishsizlikni kamaytirishga qo'shgan hissasi bilan baholanadi”.
Aytilgan so'z – otilgan o'q. Otilgan o'q nishonga tegmasa, umidlar tosh tekkan chinnidek chil-chil sinadi. YAqin o'tmishda bot-bot duch keldik bu holatlarga. Uzilgan umidlarni payvandlash esa siniq chinnilarni butlashdan qiyin. Qiyin yumushlar boshlandi: mas'ullar kabinetdan chiqdi, katta amaldorlar pastga tushdi. Har ko'cha, uy, guzar, qishloq yoxud mahalla poyu piyoda kezildi. 2020 yilning 30 iyunida Prezident muammoga e'tiborni yanayam kuchaytirish bo'yicha yana bitta yangi qarorni imzoladi. “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo'llab-quvvatlashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida” nomli bu hujjatda mamlakatdagi manzara aniq-tiniq ko'rsatilgan edi. Masala qanchalar murakkabligini tasavvur qilish uchun birgina raqamni tilga olaman: 1 million 700 ming! Boquvchi-qarovchisi yo'qlar, nogironlar, kamxarjlar, bemorlar... Qisqasi, mana shuncha aholi ko'makka muhtoj, degani edi bu. Chet ellarda eshikma-eshik yurganlar yo'q edi hali bu ro'yxatda. Qarorga asosan, sanoqli kunlar ichida yuzlab ishsizlargaga ish, uyga muhtojlarga uy-joy, ersizlarga er ajratish chora-tadbirlari ishlab chiqildi. 400 mingdan ortiq kam ta'minlanganlarga tezlik bilan respublika byudjetidan bir martalik moddiy yordam ko'rsatildi.
Muammolar ichiga chuqurroq kirib borgan sayin nomi “Temir daftar”ga muhrlarganlar soni ko'payib, yana bir haqiqat oshkor bo'lib qoldi: aholi qatlamlari orasida yordamga muhtojlarning eng ko'pi ayollar edi.
So'nggi uch yilda mamlakatda xotin-qizlarning huquq va manfaatlari himoyasiga qaratilgan 24 ta normativ-huquqiy hujjatlar, shu jumladan ikkita qonun, Prezidentning 6 ta qarori va farmoni, Vazirlar Mahkamasining 16 ta qarori qabul qilinganiga qaramay ahvol ana shunday so'lg'in edi.
Davlatimiz rahbari taklifi bilan “Temir daftar”dagi xotin-qizlar alohida ajratib olinib, “Ayollar daftari” degan yangi nomdagi, yangi daftar tashkil qilindi. Har bir xotin-qizning chin ahvoli qanday, u nimaga muhtoj, unga kim, qaysi idora yoki tashkilot yordam beradi - belgilandi va zarur mablag', subsidiya va boshqa yordamlar ko'rsatila boshlandi. Xuddi, o'tgan asrda Mirzacho'lni o'zlashtirishda, avval yo'llar ochilib, ariqlar qazilgani, traktorlar keltirilib, palatkalar tiklangani, umuman, barcha sharoitlar yaratilganidan keyin cho'lga hujum boshlangani singari.
Hozir mamlakat taqdirida tub burilish yasashga asos bo'lgan mazkur zargarona usulni o'ylayapman-u, o'ylagan sayin hayratlar qurshovida hayronlar qolyapman. Qiziq, jahondagi mamlakatlarning birontasida bo'lganmikan mana shunday hayotbaxsh yo'l? Qanda keldi ekan dunyoga bu kashfiyot? Axir, qishloq yoki guzar tugul, o'z oilang muammolarini bir yoqli qilolmay gangib qoladigan zamonda, bunday ziyobaxsh yo'lni topish qanchalar hayratli! Qancha kuch, o'ylov, chidam... va buyuk vatansevarlik, elsevarlik tuyg'ulari jo'sh urmog'i kerak bunday fazilatlarga ega inson qalbida! Xullas, qavat-qavat bulutlarni yorib, olamni ziyoga ko'mgan quyosh singari asta-asta yashnatib, nurga chulg'ayverdi. o'zbekyurtning dashtu dalalarini bu kashfiyot.
Ishlarni yanayam shiddatlantirmoq uchun 2021-yil 5-mart kuni Prezident navbatdagi qarorini e'lon qildi. ”Xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida” nomli mazkur hujjatga asosan, 15 mart kuni Respublika xotin-qizlar jamoatchilik Kengashi tashkil etildi. Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboeva Kengashga rais, O'zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi Qudratilla Rafiqov o'rinbosar bo'ldi.
Kengashning yigirmadan ziyod a'zosi bo'lib, ularning har biriga alohida vazifa topshirildi. Masalan, Moliya vaziriga xotin-qizlar muammolarini o'z vaqtida moliyalashtirish; Sog'liqni saqlash vaziriga xotin-qizlar orasida sog'lom turmush tarzini keng targ'ib etishni tashkil qilish, “Qizlar salomatlik markazlari”, oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlaridagi “Ayollar maslahatxonalari” faoliyatini tubdan yaxshilash; Bandlik va mehnat munosabatlari vaziriga respublikada, ayniqsa, chekka hududlarda xotin-qizlarni kasbga o'qitishni tashkil qilish; Madaniyat vaziriga ota-onalari uzoq muddatga xorijga chiqib ketgan, kam ta'minlangan, boquvchisini yo'qotgan yolg'iz ayollarning farzandlarini madaniyat va san'atga qiziqtirish...
Kengash raisining o'rinbosari Qudratilla Rafiqov yaqinda “Ayollar daftari”dagi xotin-qizlar muammolarini hal etish va ularga amaliy yordam ko'rsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag'ishlangan yig'ilish o'tkazdi. Shu o'rinda mazkur yig'ilishda qayd etilgan quyidagi raqamlarga e'tibor berishingizni so'rayman: “Ayollar daftari”ga kiritilgan 433 ming xotin-qizdan 90 foizining muammosi qisqa vaqtda hal qilindi.
Xususan, 253 mingdan ziyod ishsiz xotin-qizlarning 209 ming nafarining bandligi ta'minlandi. 36 ming 394 nafar ayolning 82 foizi kasb-hunarga o'qitildi. 69 ming 877 xotin-qizning 70,4 foiziga tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'yish uchun kreditlar ajratildi. 15 ming ayolning 89,5 foiziga tomorqadan samarali foydalanishi uchun ko'maklashildi. Qariyb 37 ming ehtiyojmandning deyarlik hammasiga moddiy yordam ko'rsatildi. Ijtimoiy yordamga muhtoj bo'lgan 1 va 11 guruh nogironligi bo'lgan 30 mingga yaqin xotin-qizning 97 foizi moddiy qo'llab-quvvatlandi.
Uy-joyini ta'mir talab 1 guruh nogironligi bo'lgan 4 mingdan ziyod ayollarga 62 million so'm yordam ko'rsatildi. Noturarjoylarda istiqomat qilayotgan 9 ming 223 nafar xotin-qizdan 5 ming 101 nafarining uy-joy sharoiti yaxshilandi. Qaramog'ida bir va undan ortiq 1 yoki 11 guruh nogironligi bo'lgan bolalari mavjud 8 ming 112 nafar yolg'iz ayoldan 7 ming 649 nafariga har tomonlama ko'mak berildi. Shuningdek, tibbiy himoyaga muhtoj 44 ming113 nafar xotin-qizning 96,5 foizi tibbiy ko'rikdan o'tkazilib, huquqiy yordamga muhtoj 24 ming 664 nafar ayolning 98,6 foziga huquqiy, 23 ming 405 nafar xotin-qizning 99,3 foiziga psixologik yordam ko'rsatildi.
Shunday! Hozir Respublikamizning barcha hududlarida ijtimoiy himoyaga ehtiyoji bor ayollar uchun tizimli ishlar davom etayotir. e'tibor bering, bitta ovul yoxud mahallaga emas, har bitta insonga mas'ullar ajratilgan, har bitta ayolning taqdiri bilan bog'liq masalalarni echish yo'llari belgilangan, zarur mablag'lar ajratilgan. Qaerda, kim ko'rgan yoki eshitgan bunday mukammal tizimni? Balki, “Yangi O'zbekiston” ham aynan shu nuqtalarda ko'rsatayotgandir yangi jamolini? Balki, o'zimiz sezmagan holda Uchinchi Renessans poydevoriga dastlabki g'ishtlarni qo'yayotgandirmiz? Axir, yangilanish yoki Renessans osmondan tushib, erdan chiqmaydi-ku, to'g'rimi?
Yana bir muhim jihat – endilikda hokimliklar, fermerlar kengashi, banklar ayollarga dehqonchilik qilishda, mahsulotldarini qayta ishlash va sotishda har tomonlama ko'maklashadi. Daftarga kirgan va tadbirkorlik bilan shug'ullanish istagida bo'lgan ayollarga kredit ajratishda esa Xalq banki bilan birga “Mikrokreditbank” bilan “Agrobank” ham mas'ul.
Yana bir mehribonlik: har bir hududdan 30 nafardan, jami 420 nafar “Ayollar daftari”dagilarni kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriylarda bepul sog'lomlashtirish ishlari boshlandi.
Chekka hududlardagi 50 ta tumanning qishloqlarida Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan “Ayollar go'zallik salonlari” qurilmoqda. Toshkent shahrida “Ishga marhamat” monomarkazida bepul o'qitish ishlari davom etayotir. SHuningdek, joriy yilnigg 1 mayiga qadar 1 500 nafar ayolning tarixiy shaharlarga sayoti tashkil qilindi. YAna 50 ming ayolning mamlakatimizning tarixiy shaharlariga bepul sayohatlarini uyushtirish rejalashtirilgan. Bular – amalga oshirilayotgan savobli ishlardan bir shingil, xalos. “Temir daftar”lar yuz minglab qizu juvonlarning haqiqiy sirdosh, ko'makdosh va fikrdoshiga aylanmoqda. Qancha yoshlarga madadkor bo'ldi, qancha oilalarni turli qiyinchiliklardan asradi.
Ha, quvonch bilan ta'kidlash mumkinki, “Temir daftar”lar – Shohona daftarlarga, Shohona daftarlar esa yuz minglab yordamga zor qalblar uchun Najot qal'alariga aylanib borayotir.
Shu so'zlardan so'ng maqolaga nuqta qo'ymoqchi bo'lyapman-u, nimadandir ko'nglim to'lmayapti, nimalardir ichimda qolib ketayotganday, nimalarnidir bor bo'y-bastini ko'rsatolmaganday sezyapman o'zimni.
Hayratlarim davomi she'rga aylanib borayotganday:
Qancha siniq qalblar g'amgin, parishon,
So'niq yulduzlardek edilar xira.
Mahzun lahzalarda elparvar O'g'lon,
“Temir daftar”larni qildi ixtiro.
“Yoshlar daftari” deb ataldi biri,
Boshqasi - “Ayollar daftari” bo'ldi.
Hademay daftarning sahifalari,
O'ksuk ko'ngillarning dardiga to'ldi.
Xuddi ertaklarda bo'lgani misol,
Sirli mo''jizalar boshlandi shunda.
Dovulga aylandi sahargi shamol,
Oy go'yo quyoshga aylandi tunda.
Qolmadi na guzar, na kent, na qishloq,
Sururga ko'mildi dashtu dalalar.
Olovdek yarqirab yondi qizg'aldoq,
Qirlarni qopladi alvon lolalar.
Qutlug' panoh bo'ldi qancha dillarga,
Qancha armonlarning yuvdi sho'rini.
Sochdi qovjiragan qancha gullarga -
Muhabbat nurini, mehr nurini.
Qancha buloqlarning ochdi ko'zini,
Daryoga aylandi qancha irmoqlar.
Sulton ko'chalarda ko'rdi o'zini,
Chimbosgan so'qmoqlar, sag'ir so'qmoqlar.
Mag'rur uchayotir cho'mib nurlarga,
Oppoq kabutarlar - oppoq kaptarlar.
Najot qal'alari bo'lmish ularga
Shohona daftarlar - “Temir daftar”lar.
Hademay gullarga burkangay Vatan,
Gullarga burkangay tog'u toshgacha.
Illo, yoshu qari bugun bitta tan,
Bugun eldoshlarim shashti boshqacha.
Hademay sizga ham qolmas ehtiyoj,
Avlodlar eslashar, ehtimol kulib.
Siz esa qolgaysiz boshingizda toj,
Bugungi kunlardan xotira bo'lib.
Kechagi “Temir daftar”lar bugun shohona daftarlarga aylanmoqda. ehtimol, vaqti kelib, kunlarning birida “Temir daftar”larga yodgorliklar o'rnatilar. Xo'sh, nima bo'pti? Butun bir millat va mamlakat joniga oro kirayotgan, ishsizsik balosidan qutilishiga sabab bo'layotgan, najot qal'alariga aylanayotgan muborak daftarlarga haykallar qo'yilsa nimasi yomon?
To'g'rimi?
Abdusaid KO'CHIMOV,
yozuvchi