Hatto el-ulus orasida mustahkam hurmatga ega boʻlgan mashhurlarni ham soddadil shoirlar oʻz huquqlarini himoya qilish uchun sudga bera boshladi. Bu esa mualliflik huquqlari boʻyicha qonuniy mexanizmning real hayotda ishlay boshlaganidan dalolat. Endilikda ijodkorlar oʻz asarlariga mashhurlarning eʼtibori tushganidan shunchaki xursand boʻlibgina qolmay, uning mehnati, ijodiy mahsuliga nisbatan hurmat bilan qarashga oʻrgatyapti.

Masalan, mualliflik huquqlarining buzilish holatlari nafaqat internet ijtimoiy tarmoqlarida audiovizual asarlar va fonogrammalarni sotish, balki, shoir, yozuvchini ruxsatini olmasdan qoʻshiq qilib ijro etish mumkin emas, aslida.

Bu esa Oʻzbekiston Respublikasi “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 62-moddasida oʻz aksini topgan. Yaʼni ushbu moddaga koʻra, huquq egasi yoki mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot bilan shartnoma tuzmasdan asarlar yoki turdosh huquqlar obyektini takrorlash, tarqatish yoki undan boshqacha tarzda foydalanish mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni qoʻpol ravishda buzish hisoblanadi.

Fargʻonalik shoir Behzod Fazliddinov Fargʻona viloyat adliya boshqarmasiga ariza bilan murojaat qildi. Gap shundaki, Uning “Kutmagan kunlarim, kutgan kunlarim” sheʼriy toʻplamidan joy olgan “Hushyor doʻstlarim” sheʼriga muallifning hech qanday roziligisiz qoʻshiqchi A. Shermatov kuy bastalab ijro qilgan va ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan.

Ushbu murojaat muallifning arizasi asosida viloyat adliya boshqarmasi mutasaddilari tomonidan oʻrganib chiqilib, qonuniy baho berildi.

Sodda qilib aytganda, biron nimadan foydalanmoqchi boʻlsak, albatta uning egasi oldidan bir bor oʻtib qoʻyiladi. Ruxsat soʻraladi. Bu holat esa muallifga, mulk egasiga va mulkka boʻlgan hurmat sanaladi.

Oʻrganishlar natijasida shoir B. Fazliddinga tegishli boʻlgan “Hushyor doʻstlarim” sheʼri muallifning roziligisiz va litsenziya shartnomasini tuzmasdan qonunga xilof ravishda ijro qilinganligiga oydinlik kiritildi. A. Shermatovga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona shahar sudi tomonidan huquqbuzarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksda nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, tegishli tartibda muallifning huquqlari tiklandi. Huquqbuzarga esa maʼmuriy jarima jazosi tayinlandi.

Darhaqiqat, jamiyatimizda huquq egasining intellektual mulkiga nisbatan hurmat hissini shakllantirish zarur. Chunki, qonunan huquqlar mustahkamlansagina yirik ijodiy asarlar dunyoga keladi va muallif moddiy va maʼnaviy foyda topadi. Xulosa shuki, bu kabi holatlarga hali quloqlarimiz oʻrganmagan. Lekin katta ishlar mana shunday kichik epizodlardan boshlanadi. Nima boʻlganida ham, mualliflik huquqini ham moddiy mulk kabi koʻrish va uni hurmat qilishni oʻrganishning allaqachon fursati yetgan.

Umidjon Nazirov,

Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi

Intellektual mulk huquqlarini

himoya qilish boʻlim boshligʻi.