Eldor Shomurodovning “Roma”ga oʻtishi klubga nafaqat maydonda (Konferensiyalar Ligasidagi debyut oʻyinda gol, A Seriya 1-turida assist), balki arena tashqarisida ham katta omad olib keldi.
Oʻzbek forvardining Rim klubiga oʻtishi haqidagi eʼlon polshalik qizchani topishda yordam berdi. Qanday qilib deysizmi? Gap shundaki, “Roma” 2019-yildan buyon koʻproq eʼtibor jalb qilish uchun dunyoning turli burchaklaridan yoʻqolgan bolalar fotosuratini transfer videolariga ham kiritib ketadi. Klub shu tariqa oʻsha bolalarga koʻproq eʼtibor jalb qilinishiga erishishga harakat qiladi. Agar kimdir yoʻqolgan boʻlsa, klub u bilan bogʻlanish mumkin boʻlgan xayriya tashkilotlarining raqamlarini qoldiradi.

Shomurodov bilan boʻlgan omadli hodisani qoʻshib hisoblasak, “Roma” Buyuk Britaniya, Italiya, Gretsiya, Belgiya, Keniya va endi esa Polshadan umumiy 12 nafar bolakay topilishida koʻmaklashdi.
Eldor bundan juda baxtiyor:
“Bir bolaning topilishi va bu bilan bir oilaning tashvishi yengillashishida qaysidir maʼnoda mening ham hissam qoʻshilganidan juda xursandman. Futbol olamidagi mashhurligini yaxshilikka sarflaydigan klubning bir boʻlagi ekanimdan faxrlanaman”.

"Bu kampaniyani barchamiz qoʻllab-quvvatlaymiz. Klub 12 nafar bola oilasi bagʻriga qaytishiga yordam berganidan faxrlanadi, — deydi klubning marketing boʻyicha direktori Maks van den Dul. — Lekin albatta, asosiy ishni tashkilotlar bajaradi. Ular bizga qoʻngʻiroq qilib, yana bir bolakay oʻz oilasini topgani haqida xabar berishadi. Bunday xabarlarni eshitib, toʻgʻrisi, boshimiz osmonga yetadi".
Aytgancha, “Roma”ning bu kampaniyasi bilan 12 nafar bola oilasiga qaytarilgan!