Shoʻrlanishni toʻxtatish FAO (BMT)ning Global simpoziumining asosiy mavzusi

    Agrosektor 21 Oktabr 2021 1275

    Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi koʻmagida “Shoʻrlanishni toʻxtatish – tuproq unumdorligini oshirish” mavzusida shoʻrlangan tuproqlar boʻyicha Global simpozium oʻtkazildi.

    Ilmiy-siyosiy tadbir Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) va uning Global tuproq hamkorligi, Tuproq boʻyicha davlatlararo texnik kengashi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, bir qator milliy va xorijiy hamkorlar bilan birgalikda tashkil etildi.

    Shoʻrlangan tuproqlar boʻyicha Global simpoziumning asosiy maqsadi fan, amaliyot va siyosatni birlashtirish, shoʻrlangan tuproqlarni boshqarish bilan bogʻliq holat va muammolarni tahlil qilish, tuproq resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha ixtiyoriy koʻrsatmalarni amalga oshirish harakatlarini ragʻbatlantirishdir.

    Simpozium shoʻrlangan tuproqlarni barqaror boshqarish uchun mavjud bilim va amaliy yechimlar haqida fikr almashish, shuningdek, muvaffaqiyatli amaliyot va texnologiyalarni kengaytirish yuzasidan zarur boʻlgan harakatlarni muhokama qilish uchun platformalar yaratadi.

    Tuproqlar oziq-ovqat ishlab chiqarish va koʻplab muhim ekotizim xizmatlarini koʻrsatish uchun asosdir. Tuproq resurslarini barqaror boshqarish oziq-ovqat ishlab chiqarishni koʻpaytirish, oziq-ovqatning ozuqaviy qiymatini yaxshilash, shuningdek, iqlim oʻzgarishi oqibatlariga moslashish va ularni yumshatishga yordam beradi.

    Virtual formatda oʻtkazilgan Global simpozium doirasida 2021-yil 20-oktyabrda Toshkentda “Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda shoʻrlangan tuproqlarning integrallashgan boshqaruvi va melioratsiyasi: yangi yondashuvlar va innovatsion yechimlar” mavzusida milliy simpozium boʻlib oʻtdi. Tadbirda FAO ekspertlari, vazirlik va idoralar vakillari, Oliy Majlis Senati aʼzolari, oliy oʻquv yurtlarining professor-oʻqituvchilari, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlari ishtirok etdi.

    Milliy simpoziumda respublikamizning sugʻoriladigan yerlarini ikkilamchi shoʻrlanishini oldini olish, shoʻrlangan tuproqlarni muhofaza qilishda raqamli va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilish, iqlim oʻzgarishi sharoitida Orol dengizining ijtimoiy-ekologik muammolarini hal etish hamda boshqa masalalar yuzasidan maʼruzalar tinglandi. Tadbir davomida zamonamizning eng yirik ekologik ofatlaridan biri haqida “Orol dengizining qurigan tubini tiklash” mavzusidagi videofilm taqdim etildi.

    Shuningdek, Milliy simpozium doirasida iqtidorli yoshlarning “Eng yaxshi ilmiy ishlari”ni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjalik vazirligi matbuot xizmati.