Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2021-yil 25-dekabr kuni “Uzbekistan GTL” zavodining tantanali ochilish marosimiga tashrifi davomida, Qashqadaryoda geologiya-qidiruv ishlarini rivojlantirish borasida topshiriqlar berilgan edi.

Davlat rahbari tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini amalda bajarish maqsadida, “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida “Ishchi guruh” tuzilib, Davlat geologiya qoʻmitasi, “Oʻzbekgeofizika” AJ bilan hamkorlikda Qashqadaryo viloyatida joylashgan “Shoʻrtan” konining yangi istiqbollarini aniqlashga qaratilgan 3D seysmik-qidiruv ishlari boshlandi.

2022-yilda geologiya-qidiruv ishlarini moliyalashtirish 2 barobarga oshirilib, tabiiy gazni qayta ishlash zavodlarini homashyo resurslari bilan taʼminlash borasida “Yoʻl xaritasi” tuzildi.

“Oʻzbekneftgaz” AJ mablagʻlari hisobidan “Shoʻrtan” hududida 2021-yilda 620 kv.km. maydonda 3D seysmik-qidiruv ishlari bajarilgan boʻlsa, joriy yil yanvar oyining oʻzidayoq yana 90 km.kv maydonda ishlar bajarildi.

3D seysmik-qidiruv ishlarini amalga oshirish uchun pudratchi sifatida “Oʻzbekgeofizika” AJ jalb etilgan boʻlib, AQSHning “INOVA” kompaniyasida ishlab chiqarilgan seysmik uskunalar va jihozlar yordamida, 400 dan ortiq mahalliy mutaxassislar hamda 50 dan ortiq maxsus texnikalar ishtirokida uzluksiz ish tashkil qilindi.

Amalga oshirilayotgan 3D seysmik-qidiruv ishlarining sifat koʻrsatkichlari malakali mutaxassislardan iborat “Supervayzerlar guruhi” tomonidan doimiy ravishda nazorat qilib borilmoqda. Olingan maʼlumotlar esa “Maʼlumotlarni qayta ishlash” markazlariga yetkazib berilib, tezkor tartibda qayta ishlanmoqda.

3D seysmik-qidiruv ishlarining yakuniy maʼlumotlari “Oʻzbekneftgaz” AJ tasarrufida mavjud boʻlgan eng soʻnggi rusumdagi serverlar, zamonaviy kompyuter texnologiyalari va ilgʻor dasturiy taʼminotlardan foydalangan holda raqamli geologik modellashtirish orqali tahlil qilinmoqda.

Ushbu ishlarni bajarish natijasida, “Shoʻrtan” hududidagi barcha konlarning yangi istiqbollari baholanib, tabiiy gazga toʻyingan yangi qatlamlar aniqlanmoqda. Neft va gazga istiqbolli boʻlgan yangi maydonlar, uchastkalar hamda quduqlarni burgʻilash nuqtalari belgilab olindi.

Olib borilgan ishlarning samarasi oʻlaroq, “Shoʻrtan” koni hududida 1-sonli terrigen yura qudugʻini burgʻilash ishlari boshlandi va hozirda uning chuqurligi 1395 metrga yetdi.

“Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan geologiya-qidiruv ishlarini samarali amalga oshirish, 2022-yil yakuni boʻyicha belgilangan barcha prognoz koʻrsatkichlarni toʻliq bajarishni taʼminlash maqsadida, ushbu tadbirlarga sohaning eng malakali geolog va geofizik mutaxassislari jalb etildi.

“Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan Respublikaning Ustyurt, Gazli, Muborak va Shoʻrtan hududlarining istiqbolli maydonlarida uglevodorod zaxiralarini oʻstirish hamda yangi neft va gaz konlarini ochishga yoʻnaltirilgan geologiya-qidiruv ishlari davom ettirilmoqda.

“Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati