“Shoʻrtan” konida tabiiy gaz va gaz kondensati olinadigan quduq ochildi

    Energetika 27 Iyul 2021 529

    “Oʻzbekneftgaz” AJ tarkibidagi konlarda tabiiy gaz qazib chiqarishni koʻpaytirish, uglevodorodlar zaxirasini oshirish maqsadida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilyapti.

    Jumladan, quduqlarda kapital taʼmirlash ishlarini bajarish barobarida, yangi quduqlar burgʻilanib, tugatilgan quduqlar majmuasida turganlari esa qayta taʼmirlanib ishga qoʻshilyapti.

    “Oʻzbekneftgaz” AJ Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Shoʻrtan” gaz kondensat konidagi 339-sonli quduqda olib borilgan burgʻilash ishlari ham muvaffaqiyatli yakunlandi.

    Quduqning 3 004–2 879 metr oraligʻiga filtr tushirildi.

    Quduqni oʻzlashtirish ishlaridan soʻng, kunlik 70 ming kub metr sanoat miqyosidagi tabiiy gaz va 1,5 tonna gaz kondensati qazib chiqarilishiga erishildi.

    Maʼlumot uchun: “Shoʻrtan” koni Qashqadaryo viloyatining Gʻuzor tumanida joylashgan boʻlib 1980-yildan buyon ishlatilib kelinyapti, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.