“Shovot–Toshhovuz” savdo zonasiga har ikki davlat fuqarolari vizasiz kirish-chiqish huquqiga ega boʻladi

    Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasida barpo etilgan “Shovot–Toshhovuz” qoʻshma savdo zonasiga har ikki davlat fuqarolari vizasiz kirish-chiqish huquqiga ega.

    Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi maʼlum qildi.

    Qayd etilshicha, kecha Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va Turkmanistonning savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Nazardurdy Agahanov Oʻzbekiston–Turkmaniston chegaraoldi savdo zonasi faoliyatining amaliy jihatlarini muhokama qildi.

    Tomonlar oʻzaro savdo hajmini oshirish, milliy mahsulotlarni ilgari surish hamda ikki davlat tadbirkorligining rivojlanishi uchun muhim maydon boʻlib xizmat qiladigan ushbu qoʻshma savdo markazining huquqiy asoslarini kelishib oldi.

    Markazning umumiy maydoni 6 gektarni tashkil etadi: 3 gektar — Oʻzbekiston qismi, 3 gektar — Turkmaniston qismi. Zarurat tugʻilganda hudud alohida xalqaro kelishuv orqali kengaytirilishi mumkin.

    Har ikki davlat fuqarolari chegaraoldi savdo zonasiga vizasiz kirish-chiqish huquqiga ega. Oʻzbek — Turkman chegaraoldi savdo zonasining ochilishi Oʻzbekiston va Turkmaniston tadbirkorlariga oʻz mahsulotlari bilan erkin savdo qilish, umumiy infratuzilma va soddalashtirilgan tartiblardan foydalanish imkonini beradi.

    Bu esa transchegaraviy savdoni rivojlantirish va ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.