Uchkoʻprik tumanida yashab ijod qilayotgan ustoz ijodkor Haydarjon Umarovning Ona yurtimizni madh etuvchi quyidagi misralarini sizga ham ilindik.
Shovullaydi jannatiy bogʻlar,
Mevalarning shoxlari larzon.
Bugʻdoyzorda hansiraydi yoz,
Dalalarda avji saraton.
Nayzalarin qadar adirga,
Qiyom chogʻi bayzo quyoshi.
Soyalarga urar oʻzini
Daraxtzorda qushlar taloshi.
Peshvoz chiqar tanish soʻqmogʻim,
Qoʻzigullar qoʻngʻiroq chalib.
Qoʻllarimdan tutib maysalar.
Oyogʻimga olar yastanib.
Bolarilar uchar jonsarak,
Oʻtkazmaydi behuda onin.
Yoz faslini gʻanimat bilib,
Chumolilar tashiydi donin.
Asrdayin javzo kunlari,
Bir tutamdir kechalar,tunlar.
Paykallarda tirsillab tongda
Yoriladi asad qovunlar.
Qaldirgʻochning inida bayram,
Ilk parvozni boshlar palopon.
Keksa tolning soyalarida
Tin oladi bir zum saraton.
Yoʻl boʻyida adl teraklar,
Mudrashadi shamolni kutib.
Koʻz-koʻzlaydi shaftolizorlar
Mevalarin quyoshga tutib.
Eh,qandayin gʻanimat damlar
Topib boʻlmas aslo qiyosin.
Jonim qadar azizsan,yurtim,
Oʻzing kabi sevgumdir yozing!
Haydarjon UMAROV,
shoir