Oʻzgidrometeorologiya maʼlumotlarga koʻra, mart oyining ilk oʻn besh kunligida ketma - ket yogʻingarchiliklar boʻlishi hisobiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyatida 12-15 mm, Fargʻona vodiysi viloyatlarida 18-20 mm, respublikaning qolgan hududlarida 20-40 mm, togʻli va togʻoldi hududlarda 50-60 mm dan ortiqroq yogʻingarchilik kuzatildi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi axborot xizmati rahbari Nigora Xodjayevaning maʼlum qilishicha, mart oyining birinchi oʻn besh kunligida tuproqning 10 sm chuqurligida harorat oʻrtacha 7 daraja iliqni koʻrsatdi. Yaʼni, ertalab soat 5 da 6 daraja, kech soat 17 da 8 darajaga teng boʻlgan. Bundan tashqari tinimsiz yogʻgan yomgʻir qishloq xoʻjaligining boshqa tarmoqlariga ham taʼsir koʻrsatdi.

Boshoqli don yetishtirishda:

- yogʻingarchilik miqdorining koʻp boʻlishi oʻsimlikka berilgan azotli, fosforli va kaliyli mineral oʻgʻitlarning toʻliq oʻsimlik tomonidan oʻzlashtirilishi hamda tuproqda namlik zahirasi toʻplanishi;

- parvarishlanayotgan boshoqli don ekinlari hamda lalmikor hududlardagi qishloq xoʻjaligi ekinlarining oʻsishi va rivojlanishi;

- tuproqda namlikning yetarli boʻlishi va havo haroratining past boʻlishi, boshoqli don ekinlarining qoʻshimcha poya hosil qilishiga sabab boʻladi.

Shuningdek, tuproqning haydov qatlami namga toʻyinadi, gʻalla maydonlarining har gektariga bir marta sugʻorish uchun sarflanadigan 750-900 metr kub suv iqtisod qilinadi. Buning hisobiga suv omborlariga yillik isteʼmol uchun suv zahiralari yigʻiladi.

Bugungi kundagi ob-havo sharoiti qishloq xoʻjaligi ekinlariga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkinmi?

Gʻalla maydonlarida erta bahorgi azotli oʻgʻitlar bilan oziqlantirilgan boʻlsa rivoji tezlashadi, ammo ozuqa yetarli boʻlmagan maydonlarda gʻalla nihollarining rivoji susayadi hamda unib oʻsishga quvvat yetmaganidan sargʻayib ketish extimoli mavjud.

Erta bahorda havoning nisbiy namligi 60 foizdan yuqori boʻlib, oʻrtacha kunlik havo harorati 7-15 daraja iliq boʻlganda, sariq zang kasalligi, agar ushbu namlikda oʻrtacha kunlik havo harorati 15-25 daraja boʻlganda esa qoʻngʻir zang kasalligi keng tarqalishiga sharoit yaratiladi.

Seryogʻin kelgan yillarda gʻallazorlarda zamburugʻli kasalliklar (sariq va qoʻngʻir zang, un shudring, septarioz, ildiz chirish) keng tarqalishi koʻp yillik tajribalarda kuzatilgan.

Erta bahordagi yetarli namlik va nisbatan issiq ob-havo gʻallazorlarda begona oʻtlarning jadal rivojlanishiga olib keladi.

Tinimsiz yogʻingarchilikning kuzatilganda boshoqli don yetishtirishda qanday choralar koʻrilishi zarur?

Gʻalla maydonlarida sugʻorishni tartibga solish lozim. Agarda sugʻorishga eʼtiborsizlik qilinadigan boʻlsa, dala sharoitida namlik yuqori boʻlib, gʻalla maydonlarida zamburugʻli kasalliklar va turli xil begona oʻtlarning rivojlanishiga imkon yaratiladi.

Sizot suvlari yaqin joylashgan hamda havoning nisbiy namligi yuqori boʻlgan hududlarda kasalliklarning oldini olish uchun doimiy kuzatuv ishlari olib boriladi.

Respublika hududlarida bugungi kun sharoitida, gʻallachilikdagi zararni oldini olish maqsadida zang va boshqa kasalliklarga, begona oʻtlarga hamda zararkunanda hashoratlarga qarshi kimyoviy kurashish uchun 1,5-2-marta toʻliq ishlov berishga yetarli kimyoviy vositalar zahirasi yaratilgan. Dalaga chiqish imkoniyati boʻlishi bilan gʻalla maydonlarida toʻliq profilaktik ishlov berish ishlari amalga oshiriladi.

Chigit yetishtirishdagi taʼsiri va koʻriladigan choralar:

Mart oyida ob-havo seryogʻin kelganda chigit ekish ishlari qanday tashkil etiladi?

Tuproqda namlikning meʼyordan koʻp toʻplanishi chigit ekiladigan maydonlarda tuproqning namlik rejimiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Ayniqsa, chigit ekish uchun kuzda shudgor qilib qoʻyilgan maydonlarda yerda namlik zahirasi oshib, chigitni tuproqning tabiiy namligida undirib olish imkonini beradi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarining 440 ming gektardan ortiq shoʻri yuviladigan paxta maydonlarida bahorgi yogʻin-sochin suvlaridan shoʻr yuvish ishlarida foydalanish yaxshi samara beradi.

Bunda, tuproqning mexanik tarkibi va yerlarning shoʻrlanish darajasidan kelib chiqib, shoʻr yuvish uchun olingan pollar yomgʻir va sel suvlari bilan toʻlib, qariyib bir martagacha shoʻr yuvish uchun sarflanadigan daryo suvlarini tejalishiga erishiladi.

Bundan tashqari, respublika boʻyicha 332 ming gektar pushta olib, nam suvi berib chigit ekiladigan Qashqadaryo, Surxondaryo, Andijon, Namangan, Jizzax, Fargʻona, Samarqand va Navoiy viloyatlari hududlarida kuzda va erta bahorda olib qoʻyilgan pushtalar yomgʻir suvi bilan toʻlib, tabiiy namlik zahirasi yaratiladi.

Lekin, ketma-ket yogʻin yogʻishi hisobiga bahorgi dalada bajariladigan agrotexnik tadbirlar yer tekislash, pushta olish, pushtani sugʻorish, ekish oldi yerga ishlov berish (boronalash) va ekish ishlarini maqbul muddatlardan kechikadi.

- bunday paytlarda chigit ekishda dehqon va fermerlar, koʻp yillik tajribaga ega boʻlgan olim va mutaxassislar tavsiyalariga hamda ilgʻor tajribalariga tayangan holda ishlarni tashkil qilishlari kerak boʻladi;

- paxta-toʻqimachilik klasterlari va fermer xoʻjaliklari rahbarlari ushbu yogʻingarchiliklardan keyin har bir hududning tuproq-iqlim sharoitini inobatga olib chigit ekishga yer tayyorlash va chigit ekishni optimal muddatlarda hamda sifatli oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratishlari lozim;

- bahorning iliq kunlarida chigit ekish ishlari bir kunga kechiktirilsa tuproqning 1 sm dagi namligi, agar 3-4 kunga kechiktirilsa 3-4 sm qatlamidagi namlik koʻtarilib (bugʻlanib) ketadi.

Bogʻ va tokzorlarga taʼsiri va koʻriladigan choralar:

Mevali bogʻ va daraxtlar hamda tokzorlarga yogʻingarchilikning taʼsiri qanday?

Respulikamizda barcha toifa xoʻjaliklarida jami 337 ming gektar bogʻlar va 182 ming gektar uzumzorlar mavjud. Tinimsiz har kuni yogʻayotgan yomgʻir bugungi kunda gullash fazasiga kirgan oʻrik, shaftoli, bodom bogʻlari hosildorligiga zarar yetkazmaydi. Faqat changlanish muddatini sekinlashtirishi mumkin. Qolgan mevali bogʻlarimiz bugungi kunda gullash fazasida emasligi sababli zarari kuzatilmaydi.

Foydali tomoni oxirgi 2020- 2021-yilda yangi barpo etilgan 88 ming gektar mevali bogʻlar va 75 ming gektar uzumzorlarga tuproqdagi namlik hisobiga ildiz tizimi yaxshi rivojlanishiga katta foydasi bor. Ayniqsa lalmi yerlarda parvarishlanayotgan bogʻlarning yer osti suvlarining zahirasi taʼminlanadi.