Qayd etilishicha, Respublikada 250 ta onlayn kuzatuv kameralari oʻrnatilgan boʻlib, ular ekologik huquqbuzarliklar, xususan, qattiq maishiy, qurilish va suyuq chiqindilarni ruxsat etilmagan joylarga noqonuniy tashlash bilan bogʻliq holatlarni oʻz vaqtida aniqlash imkonini beradi. Videokuzatuv tizimi chiqindi eng koʻp tashlanadigan joylar, jumladan, aholi punktlarining chekka hududlari, ruxsat etilmagan poligonlarni, qirgʻoqboʻyi va jamoat joylarini qamrab oladi.
Eng koʻp huquqbuzarliklar Namangan viloyatida (1563 ta), Andijon viloyatida (1443 ta) va Fargʻona viloyatida (1163 ta holat) qayd etilgan.
Huquqbuzarliklar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 91-moddasi 1-qismiga koʻra (qattiq maishiy va qurilish chiqindilarini koʻmish, shuningdek, suyuq maishiy chiqindilarni ruxsat etilmagan joylarga tashlash) respublika boʻyicha jami 14 728 ta maʼmuriy bayonnomalar tuzildi. Jarimalarning umumiy miqdori 7,9 milliard soʻmni tashkil etib, shundan 3,3 milliard soʻmi belgilangan tartibda undirib olindi.








