Tez tibbiy yordam xizmati sifati, eng avvalo, “103” brigadalarining chaqiriq manziliga oʻz vaqtida yetib borishi bilan belgilanadi.
Ammo baʼzan fuqarolardan “Tez yordam” avtomashinalari bemor oldiga kechikib borgani haqidagi eʼtirozlarni eshitamiz. Bunga esa koʻpincha yolgʻon chaqiriqlar sabab boʻladi.
— 2023-yilning oʻtgan 6 oyi davomida “103” xizmatiga jami 1752 ta yolgʻon chaqiriq kelib tushdi, — deydi Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon Gafurov. — Mazkur koʻrsatkichni 2022-yilning ayni shu davri bilan taqqoslasak, qariyb 975 taga kamayganini koʻrish mumkin. Biroq gap inson salomatligi haqida ketar ekan bunday murojaatlarning bittasi ham koʻp.
Tahlillar shuni koʻrsatadiki, 2023-yilning yanvar-iyun oylarida eng koʻp yolgʻon chaqiriq Toshkent viloyatida kuzatilib, mazkur raqam 325 tani tashkil etdi. Keyingi oʻrinda Fargʻona viloyati qayd etildi — 284 ta. Shuningdek, Qashqadaryo viloyatidan 248 ta ana shunday murojaat kelib tushgan.
Eng kam yolgʻon chaqiriq esa Samarqand viloyatida roʻyxatga olindi — 17 ta!