Oʻzbekiston Respublikasi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 23-, 34- va 35-moddalariga muvofiq, “Oʻzbekneftgaz” AJga 2022-yilning yanvar oyida kelib tushgan murojaatlar Boshqaruv apparati bilan ishlash departamenti tomonidan tahlil qilinib, bu boʻyicha aksiyadorlik jamiyati Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevga hisobot berildi.
“Oʻzbekneftgaz” AJga yanvar oyida jismoniy va yuridik shaxslardan jami 107 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, barchasi oʻrnatilgan tartibda taalluqliligi boʻyicha masʼul mansabdor shaxslar tomonidan koʻrib chiqilishi taʼminlandi.
Murojaatlarning 105 tasi (98%) jismoniy shaxslardan, 2 tasi (2%) yuridik shaxslardan kelib tushgan. Ulardan 57 tasi (53%) elektron, 41 tasi (38%) yozma va 9 tasi (9%) ogʻzaki murojaatlardir.
Murojaatlarda quyidagi masalalar koʻratilgan:
48 tasi (45%) ishga kirish;
7 tasi (6%) mehnat munosabatlari;
15 tasi (14%) ish haqi va moddiy yordam koʻrsatish;
4 tasi (4%) rahbarlarning noqonuniy hatti-harakatlari; 33 tasi (31%) boshqa masalalarni tashkil etdi.
Murojaatlarni hududlar kesimida tahlil qilinganda, 57 tasi Qashqadaryo (53%), 12 tasi Surxondaryo (11%), 10 tasi Buxoro (9%), qolgan 4 foizi Samarqand, Sirdaryo viloyatlarida hamda Toshkent shahriga toʻgʻri kelishini koʻrish mumkin.
Murojaatlarning aksariyat qismi jamiyatning boshqaruv apparatida hal etilgan. Nazoratga olib koʻrib chiqilgan jami 107 ta murojaatdan, 14 tasi qanoatlantirilgan, 58 tasi boʻyicha tushuntirishlar berilgan, 35 tasi ish jarayonida.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi, Xalq qabulxonalaridan jami 44 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, ulardan 32 tasi ijrosi taʼminlandi, 12 tasi koʻrib chiqilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri virtual qabulxonasi sayti orqali kelib tushgan jami 2 ta murojaat ham ish jarayonida koʻrib chiqilmoqda.
Murojaatlarga tezkor javob berish maqsadida rasmiy veb-saytda “Onlayn-maslahatchi” moduli faoliyati joriy etilib, fuqarolarga 76 ta onlayn maslahatlar berildi.
Bu boradagi ishlar Boshqaruv apparati bilan ishlash departamenti tomonidan alohida nazoratga olingan boʻlib, har oy yakuni bilan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan maʼlumot rahbariyatga taqdim etib borilmoqda.
“Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati