Toshkent davlat tibbiyot universitetiga rektor tayinlandi

    Prezidentning tegishli qaroriga asosan, Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori lavozimiga Shuhrat Abdujalilovich Boymuradov tayinlandi.

    Mazkur qaror bilan Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etildi. Yangi universitet soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish va ilmiy-tadqiqot ishlarini takomillashtirishga ixtisoslashtiriladi.

    Universitet uchta tibbiyot oliy taʼlim muassasasini birlashtirgan holda, yagona tizim asosida faoliyat yuritadi. Tashkilotda xalqaro talablarga javob beradigan taʼlim muhiti, zamonaviy moddiy-texnika bazasi, innovatsion boshqaruv tizimi joriy etiladi.

    Shuningdek, universitetda xalqaro mutaxassislar jalb etiladi, transformatsiya ofisi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi, xalqaro akkreditatsiyani amalga oshiruvchi milliy markaz tashkil etiladi. Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar, taʼlim sifatini baholash va ilmiy faoliyatni baholash tizimi tubdan yangilanadi.


    Toshkent tibbiyot akademiyasi matbuot xizmati