Bu yerda bugunga qadar umumiy qiymati 228.7 mln. AQSH dollari miqdoridagi 84 ta investitsion loyihalar joylashtirildi. Amalga oshirilgan 43 ta loyihalar natijasida Qoʻqon EIZ ishtirokchilari tomonidan 2020-yilning yanvar-iyul oylarida 830,7 mlrd. soʻmlik yoki 80,6 mln.AQSH dollari (iyul oyida 202,9 mlrd. soʻm yoki 19,7 mln. AQSH dollari) miqdorida mahsulotlar ishlab chiqarilib, 15,9 mln. AQSH dollarlik (iyul oyida 3,0 mln. AQSH dollari) mahsulotlar eksportga yoʻnaltirildi.

Yuqoridagi loyihalarni amalga oshirilishi natijasida 2552 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

 

“Ulugʻbek eksport trend” MCHJ ularning biri boʻlib, bu yerda yiliga 30 milliard soʻmlik yoki 2,9 mln. dollarlik poyabzal va mix, burama mix ishlab chiqarish quvvatlari oʻzlashtirildi.

 

 

- Bugungacha 235 ta ishchi oʻrni yaratdik, - deydi korxona rahbari Ulugʻbek Temirov.

 Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev korxonaning yangi quvvatlari ochilish tantanalarida ishtirok etdi.

- Biz erkin iqtisodiy zonada ish yuritayotgan har bir tadbirkorga koʻmakchimiz, - dedi viloyat hokimi. – Barcha masala va muammolar yechimiga shaxsan oʻzim masʼulman deb hisoblayman. Yil oxirigacha bu yerda 162,6 mln. AQSH dollari miqdoridagi 41 ta ishga tushadi va 4520 ta yangi ish oʻrinlari yaratamiz.

 

Qoʻqon EIZ da qirqdan ziyod korxona ishlab turgan boʻlsada hali qurilish-montaj ishlari avjida. Har bir hududda ulkan inshootlar qurilyapti, koʻchalarga, binolarga kommunikatsiya vositalari - suv, gaz, suvoqava, elektr tarmogʻi tortilyapti, yoʻllar asfaltlanyapti.

 Viloyat hokimi “Shaffof omad sanoat” MCHJ bunyod etayotgan elektromobillar zavodi qurilishini ham borib koʻzdan kechirdi.

- Korxona karyer oʻrnida joylashgan. Dastlab yetti metrli xandaqni toʻlatdik, - deydi uning rahbari Gʻofurjon Usmonov. – Mana endi 30 ming metr kvadrat maydonda ishlab chiqarish inshootlarini tiklayapmiz.

Viloyat hokimi bu yerda ham quruvchi va mutaxassislar bilan suhbatlashdi, barcha muammolar yechimiga kafolat berdi.

- “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” degan yozuvli elektromobillar aynan Fargʻona viloyatidan ichki va tashqi bozorga yoʻl olishi quvonchli voqelik va albatta katta masʼuliyat. Shu bilan birga biz, fargʻonaliklarga gʻurur va iftixordir, - dedi Shuhrat Gʻaniyev. – Biz bu kunga albatta yetamiz!

Fargʻona viloyati hokimligi Axborot xizmati