Nafaqat bolalar, balki kattalar uchun ham foydali darslik deya eʼtirof etilayotgan kitobning ilk sahifalariga tushirilgan mundarijalarni (Ilk bor darslik mundarijasi old sahifaga koʻchirildi) oʻqishdan boshlab, mazmundagi oʻzgarishni his qilish mumkin.
“2020-yilda “Tarbiya” darsliklari tayyorlab toʻliq chop etilishi Xalq taʼlimi vazirligi, Respublika taʼlim markazi uchun yilning eng katta yutugʻi deyish mumkin. Oliy Majlisga murojaatnomada yoshlarni ijodiy fikrlashga oʻrgatadigan, koʻnikmalarni shakllantiruvchi hayotiy darsliklar yaratish ehtiyoji davlatimiz rahbari tomonidan koʻtarilganida, endi barcha darsliklarni “Tarbiya”ning ortidan oʻquvchi uchun qiziq va foydali yaratilishini maqsad qildik”, -deydi Respublika taʼlim markazi direktori Shuhrat Sattorov.