– Siz bir muncha yil avval oilangiz bilan SHvetsiyaga ko'chib ketgan ekansiz. Andijon tuprog'i bilan xayrlashish oson kechmagan bo'lsa kerak?
– Shvetsiyaga kelganimda 13 yoshda edim. Baribir kindik qoning to'kilgan maskanning qadri va fayzi boshqacha bo'ladi. Ota-onam ketish taraddudiga tushgan kundan boshlab qalbimda bezovtalik boshlangan. To'g'ri, chet elga chiqish ishtiyoqida hayajonlandim ham... Lekin qadrdon maktabim, mehribon o'qituvchilarim, oshnalarim bilan quvlashib o'ynagan qadrdon mahallamiz hidi... Ko'chamizda o'sgan daraxtlar, ochilgan gullar... Yuragimga o'rnashgan ilk taassurotlardan birdan ayrilish oson emas edi. Biroq, dadamning demokratiyaga intilishi, qat'iyati va kurashuvchanligi menga katta kuch bag'ishlagan.
Dadam bizga kitob sovg'a qilishni yaxshi ko'rardi. O'sha kitoblarning barchasini sumkamga joylaganman, lekin o'zim eng yaxshi ko'rgan asar — Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romanini atay qoldirib kelganman. Bir kuni yurtimizga, albatta, qaytib kelishimga umid qilganman. Bu mening o'sha davr muhitiga bo'lgan kichik bir isyonim bo'lgandir balki...
– Siz bir paytlar hattoki otangiz izidan borib, kuchli siyosatchi bo'lishga ahd qilgan ekansiz...
– Otam oddiy muallim bo'lsa-da, fikri o'tkir va tashabbuskor inson bo'lgani bois CSSR xalq deputati darajasiga etgan. Shu sabab uyimizga juda ko'p insonlar o'z muammolari bilan kelishar, ular bilan kechgan suhbatlarda atrofimizda kechayotgan voqeliklarni tezroq anglab etishga, fikrlashga harakat qilar edim. Qolaversa, siyosatga qiziqishimga sabab bo'lgan omillardan biri shuki, milliy tariximizga oid kitoblarni ko'p mutolaa qilganman. Shu bois, maktabdagi dars jarayonida o'qituvchilarim aytayotgan mulohazalar va ma'lumotlarni bemalol tahlil va tanqid qila olar edim. Albatta, bu o'zboshimchaligim maktab rahbariyatiga yoqmas, direktor xonasida tez-tez dakki eshitib turishga to'g'ri kelardi.
Shvetsiyada o'z siyosiy qiziqishlarim doirasida siyosiy partiyalardan birida faoliyat yuritganman. 18 yosh paytimda bo'lib o'tgan umumiy saylovda Xel`sinburgdan saylangan mahalliy siyosatchiga aylanishimga oz qolgan. Lekin eng oxirgi daqiqalarda taqdirim va hayotim iqtisod yo'nalishi bilan chambarchas bog'liq ekanini anglab qolganman. 2007 yilda Lund universitetining biznes boshqaruvi bo'yicha magistrlik darajasini olganman. Shu kungacha kechgan davr mobaynida dastur bitiruvchisi, xatar tahlilchisi, munosabatlar menejeri, mulkni boshqarish bo'limi boshlig'ining ijrochi maslahatchisi, aktivlar va mulkni boshqarish bo'limi boshlig'i, transchegaraviy Nordea Private Bankining intern milliy mijozlari rahbari sifatida faoliyat yuritdim. O'tgan oy menga Stokgol`mda Nordea hududida Shimoliy Evropadagi xususiy banklarning xalqaro bo'linmasini tashkil etish vazifasi yuklatildi.
– Ijtimoy tarmoqlardagi sahifalaringizda O'zbekistondagi siyosiy va iqtisodiy o'zgarishlarni tahlil qilgan holda, ko'plab ijobiy mulohazalar qoldirgansiz. Bu yangiliklar o'z vatanidan uzoqda yashashga majbur bo'lgan siz kabi haqiqatgo'y insonlarga uzoq kutilgani bilan nihoyatda qadrli. SHunday emasmi?
– Albatta, bu iztirobli va mashaqqatli yillar oilamizni katta sinovdan o'tkazdi, desam adashmagan bo'laman. Otam bilan ayni mavzuda juda ko'p munozara qilamiz. Tan olish kerak, SHavkat Mirziyoev rahbar bo'lganidan buyon odamlarimizda siyosiy faollik ancha kuchaydi. To'g'risi, men odamlar hatto oddiy ijtimoiy muammolarini gapira olmaydigan bu mamlakatda kimdir poraxo'rlik, qiynoqlar va boshqa muammolarni ochiq gapira boshlashini kutmagandim. Hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlarda ko'pchilikning bemalol siyosatga aralashib, qiziqishini ko'ryapmiz. Xalq uchun deb ochib qo'yilgan virtual qabulxonalar xalqimizning arz-dodini hal qilish, shu muammolar borligini gapirishga o'rgatayotganining o'zi ham bir yaxshilik. Ozgina bo'lsa-da, qo'rquv chekinib, odamlar o'z haq-huquqlari uchun kurashishni o'rganishlari yaxshi bir maktab, deb o'ylayman. Biroq, O'zbekiston aholisi va, ayniqsa, yoshlarining aksariyati ijtimoiy tarmoqlardan ko'ngilochar vosita sifatida foydalanadilar. Siyosatga va, umuman, O'zbekistondagi hozirgi holatga biroz befarqlar. Bu bilan men qiziquvchilar yo'q, demoqchi emasman, bor, lekin kam. SHu va yuqorida keltirib o'tgan sabablarim tufayli o'zbek yoshlarini siyosat olamiga yanada ko'proq olib kirish kerak, deb o'ylayman. Qachonki biz o'z huquqlarimizni yaxshi bilsakkina, bugungi shafqatsiz global dunyoda g'olib bo'la olamiz.
– O'zbekiston ravnaqi uchun kelgusida qanday ishlarni amalga oshirish orzusidasiz?
– 2006-2007-yillarda Shimoliy Evropaning eng yirik banki hisoblangan Nordeada ishladim. Strategik fikrlash bobida kuchli va tashabbuslarni natijalarga aylantira olgan insongina iqtisod yo'nalishida muvaffaqiyatga erisha oladi. Har qanday vaziyatda ayni imkonlarimni boricha ishga solishga harakat qilaman. Meni harakatlantiruvchi kuch – har doim mijozlarimiz va xodimlarimiz uchun yangi-yangi imkoniyatlar yaratishga intilish. Bank jamiyatda muhim rol o'ynaydi. Deylik, siz uy, mashina va kompaniya sotib olishni xohlaysiz. SHu istaklaringiz bilan nafaqat o'zingizning, balki atrofingizdagi insonlarning ham orzularini amalga oshirgan bo'lasiz. O'zbekiston banklarida ham Shvetsiya banklaridagi kabi sharoit va imkoniyatlar yaratilishini istayman. Masalan, Nordea banki Daniya, Finlyandiya, Norvegiya, Shvetsiya va estoniya, Latviya va Litva davlatlarida faoliyat yuritadi. Uning 11 million mijozi bor.
Nordeaning bozor qiymati 28 milliard evro. Umumiy aktivlari 555 milliard evro. Bank boshqaruvidagi kapital 324 milliard evroni tashkil etadi. Men kelgusida o'zim faoliyat yuritayotgan bank tajribasini O'zbekistonda rivojlantirmoqchiman. Shu bois, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev o'z lavozimiga tayinlanganida o'z fuqarolari uchun ishlaydigan davlat yaratish istagida ekanini eshitib juda xursand bo'ldim. Ammo, bu ulkan o'zgarish va yangilanishlar ularni amalga oshirish qobiliyatiga ega bo'lgan yuksak iste'dodli va kuch-g'ayratli, jasoratli mutaxassislarni talab qiladi.
– Shvetsiya turmush farovonligi bo'yicha Evropa Ittifoqining etakchi davlatlaridan. Yurtimizda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish borasida keng ko'lamli islohotlar davom etayotgan bir sharoitda butun dunyoda tan olingan noyob va ilg'or shved tajribasi katta qiziqish uyg'otadi.
– Shvetsiya – ajoyib mamlakat. Har bir jabhadagi faoliyat fuqarolar ehtiyojiga asoslanadi, adolat nihoyatda qadrlanadi. Meni ko'proq qiziqtirgan jihati shundaki, davlat birinchi o'rinda o'z fuqarolari uchun ishlaydi va sizda bir-biringizga nisbatan kuchli birdamlik tuyg'usini uyg'otadi. Shvetsiya xalqi hukumatga va uning g'amxo'rlik qobiliyatiga katta ishonch bilan qaraydi. Shuning uchun Shvetsiya o'z farovonligini moliyalashtirish uchun dunyodagi eng yuqori soliqlardan biriga ega. Bizning milliy urf-odatlarimizdan farqli o'laroq, shvedlar oilada haqiqatan ham liberal qarashga ega. Bu oilada ota-ona farzandlarini voyaga etguniga qadar parvarish qiladi. Keyin farzandlar boshqa uyga ko'chib o'tib, o'z kelajagi haqida o'zlari qayg'urishadi. Bunday paytda ota-ona o'g'il-qizlariga 18 yoshgacha to'plangan nafaqani, shuningdek, ular oyoqqa turishlarida kerak bo'ladigan moliyaviy yordamini berishadi. Farzandlaringiz qanday yo'lni tanlashidan qat'i nazar, ularning fikrini qabul qilasiz va oq yo'l tilaysiz.
Shvetsiya yoshlari siyosatga unchalik qiziqavermaydilar. Lekin ular ekologiya va iqlim masalalarida juda faol. Hamma joyda bo'lgani kabi ijtimoiy tarmoqlar tufayli ularda ham kitobxonlikka qiziqish susaygan. Shunday bo'lsa-da, Shvetsiya ta'lim va inson taraqqiyoti sohasida namuna davlat. Mamlakatda ta'limga yo'naltirilgan davlat mablag'i yalpi ichki mahsulotning 6,8 foiziga teng. Bu EIning 28 mamlakatidagi o'rtacha ko'rsatkich (4,6 foiz)dan 1,5 barobar ko'p degani. Shvetsiya aholisi ma'lumoti darajasi butun dunyo bo'yicha o'rtacha ko'rsatkichdan sezilarli daraja yuqori.
2019-yilda O'zbekiston axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bo'yicha xalqaro indeksda 8 pog'ona ko'tarilganiga qaramay, ko'plab vazirlik va idoralar, korxonalar raqamli texnologiyalarni to'liq joriy qilishga erisha olmadi. Dunyoda internetdan foydalanuvchi aholi XXI asrda 2 barobardan ziyodroq ortib, ushbu ko'rsatkich 2000-yildagi 45,7 foizdan 2017 yilda 95,5 foizga etdi. SHvetsiyada esa, internet ma'lumotlarni eng tezkor etkazuvchi vositaga aylangan: 2019 yilda mamlakat statsionar keng yo'lakli internet tezligi bo'yicha 175 davlat orasida 9-o'rinni, ma'lumotlarni mobil` uzatish bo'yicha esa 140 mamlakat o'rtasida 13-o'rinni egalladi. Shuningdek, Shvetsiya so'nggi o'n yillikda iqtisodiyotning istiqbolli tarmoqlari – raqamli texnologiyalar va telekommunikatsiyalar sohasida jiddiy siljishga erishdi. Axborot texnologiyalarining mamlakat iqtisodiyotidagi ulushi 16 foizga etib, endilikda mehnatga layoqatli aholining 6 foizi IT sanoatda band.
Shvetsiyaning kambag'allikni kamaytirish borasidagi tajribasi ham O'zbekistonga asqotishi mumkin. Davlat moliyaviy qudratining o'ziga xos xususiyati mamlakatda ro'yxatga olingan jami kompaniyalarning 99 foizini tashkil etadigan va mavjud ish o'rinlarining 4/5 qismini ta'minlagan kichik biznes korxonalari bilan belgilanadi. Yangi korxona ochish shartlarining o'ta engillashtirilgani kambag'allikka qarshi kurashuvchi asosiy vosita bo'lsa, ajab emas. Zero, ish o'rinlarining ko'payishi aholi bandligini oshiradi va, o'z navbatida, turmush farovonligi, mamlakat obodligini ta'minlaydi. Islohotlar natijasida o'tgan yili 93 mingdan ziyod tadbirkorlik sub'ekti tuzildi.
Sog'liqni saqlash sohasi haqida so'z borganda ta'kidlash joizki, bugun O'zbekistonda umr ko'rish davomiyligi o'rtacha 73,8 yoshga teng. Shvetsiya esa bu borada er yuzida eng yuqori ko'rsatkichlardan birini qayd etgan – 82,3 yosh. Bu ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlangan mamlakatlar o'rtacha ko'rsatkichidan 2,2 yil, dunyo bo'yicha umumiy ko'rsatkichdan esa 9,9 yil ko'p.
O'zbekistonda ayni payt tiklanadigan energiya manbai etarli emas. Maishiy chiqindilarni qayta ishlash sohasida mavjud kuchlar qattiq maishiy chiqindilarning atigi 6 foizini qayta ishlashga etadi. Bu jami 14-14,5 million tonnadan bor-yo'g'i 894 ming tonnaga to'g'ri keladi. O'z navbatida, Shvetsiya iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida “yashillik” tamoyilini qo'llamoqda, tiklanadigan energiya manbai va mahalliy yoqilg'idan foydalanish bo'yicha jahonda etakchi hisoblanadi. e'tibor beraylik, Evropa Ittifoqining umumiy maqsadi 2030 yilgacha tiklanadigan energiya manbaidan foydalanish darajasini 30 foizga etkazish bo'lsa, Shvetsiya ushbu ko'rsatkichni 50 foizga etkazishni mo'ljallamoqda. 2045 yilga borib mamlakatda butunlay “iqlimiy muvozanat” hukmronlik qilishi kutilyapti. “Volvo”, “Electrolux”, “ABB” va boshqa ko'plab sanoat gigantlari zamonaviy energiya tejamkor uskunalar tayyorlash va joriy etishga ixtisoslashgan sho''ba korxonalarini ochmoqda.
Shvetsiya uchun xos bo'lgan yana bir tajriba maishiy chiqindilarni qayta ishlash va elektr hamda issiqlik energiyasini energiya va mavjud resurslarni tejash nuqtai nazaridan ishlab chiqarishdir. Mamlakat bugungi kunda qariyb 97 foiz maishiy chiqindilarni qayta ishlamoqda. Bu dunyodagi eng yuqori ko'rsatkichlardan biridir.
– Ayting-chi, jahon iqtisodiyotidagi qaysi muammolar sizni ko'proq tashvishga soladi?
– Jahon iqtisodiyotida butun dunyo davlatlarining bir xil sur'atlarda o'sishiga to'sqinlik qiluvchi ikkita asosiy muammo mavjud. Ulardan biri Evropada ham, AQShda ham markaziy banklarning jamiyatdagi o'rni bilan bog'liq. Ushbu davlatlar markaziy bankning mamlakatni qo'llab-quvvatlash qobiliyatiga juda tayanadi. So'nggi o'n yilda inflyatsiya keskin oshib ketmasdan yoki mamlakat uchun jiddiy oqibatlarga olib kelmasdan, o'sib borayotgan qarzlar va majburiyatlarni moliyalashtirish uchun katta miqdorda pul bosildi. Buni asosiy aktiv valyutaning o'zi ekani bilan izohlash mumkin — AQSh dollari va evro dunyoda alohida mavqega ega. Masalan, agar O'zbekiston birdaniga AQSh yoki Evropa Ittifoqidagidek hajmda ko'plab yangi pul bosib chiqarsa, giperinflyatsiyaga tushib qoladi. Bu esa, mamlakatning bankrot bo'lishiga olib keladi. Bu o'rinda kuchli valyutaga ega bo'lgan G'arb davlatlari har doim inqirozdan butun dunyoga qaraganda yaxshiroq chiqadi, bu dunyo tengligi uchun katta muammo. Shuning uchun valyuta ittifoqini e'tiborsiz qoldirmaslik kerak!
Ikkinchisi, albatta, atrof-muhit va iqlimga beparvo bo'lmaslik zarur. Hozirgi kunda iqlim tobora tez sur'atlar bilan o'zgarib bormoqda. Dunyoning odatda sovuq bo'lgan qismlarida issiq havo oqimlari kuzatilsa, issiq joylarda sovuq havo oqimlari hukm surmoqda. Ammo Evropa va Shimoliy Amerikada bu haqda ko'p o'ylashmaydi. Chunki boy davlatlar issiqlik gazlarini kamaytirishni astoydil xohlashmaydi. Ular uchun daromad muhim. Osiyo va Afrikada ham bu borada sizni qo'llab-quvvatlashlari qiyin. Ular uchun aholini ish bilan ta'minlash barcha masaladan yuqori turadi. Menimcha, islom dinining o'rni kuchli bo'lgan davlatlarda bu boradagi tashabbuslarga erishish osonroq. Chunki isrofgarchilik qanday yomon oqibatlarga olib kelishini har bir musulmon yaxshi biladi. Lekin G'arb dunyosi boshqa mamlakatlar ijobiy iqlim o'zgarishiga erishishi uchun butun dunyoga foyda keltiradigan grantlar orqali yordam berishi kerak!
Yana bir muammo mavjud. 2050 yilga borib sayyoramiz nufusi 10 milliard kishiga yaqinlashishi taxmin qilingan. Hozirning o'zida 1 milliardga yaqin odam to'yib ovqatlanish imkoniyatidan mahrum va ocharchilikka mahkum. Muammoning ikkinchi va yanada murakkabroq jihati shuki, 2050-yilga borib aholi daromadlarining o'sishi natijasida oziq-ovqat mahsulotlariga talab ham uzluksiz o'sib boradi. Iqtisodiyotning inkor etib bo'lmaydigan ob'ektiv qonunlari talabiga ko'ra, jamiyat rivojlangan sayin aholining ehtiyojlari ham son jihatidan kengayib, sifat jihatidan takomillashib boradi.
Global isishning salbiy oqibatlari, ularning iqlim va ob-havo o'zgarishlariga kuchli ta'siri, ekinzorlarni va chorva mollarni sug'orishga yaroqli toza suv zaxiralari geometrik progressiyada kamayib borayotgani va tobora kuchayib borayotgan suv tanqisligi muammolari ham kishini tashvishga soladi.
– Suhbatlarning birida iqtisodiy sohadagi loyihalarimni yaratishimda menga badiiy asarlar ilhom beradi, deb qayd etgan ekansiz...
– Ta'kidlaganimdek, oilamizda dadam bizni o'zbek adabiyoti bilan juda erta tanishtirgan. Ayniqsa, Abdulla Qodiriyning “O'tkan kunlar” romani haqida o'zgacha ishtiyoq va ehtirom bilan so'zlab berardi. “Sening ismingni bejiz Otabek deb qo'ymaganman, o'g'lim. Men seni Abdulla Qodiriy ta'riflagan shu inson kabi millatparvar, adolatli va muruvvatli bo'lishingni istayman”, deb ko'p tayinlardi. Ayni paytda, xalqimiz tarixi bilan bog'liq asarlarni juda hushyorlik bilan mutolaa qilishimni ta'kidlagan. Ozodlik kurashchisi bo'lgan ajdodlarimizni “bosmachi” deya atashgani, ularga qanday zulm ko'rsatilgani haqidagi kitoblarni ham yashirincha o'qib bergan. Bobur Mirzo g'azallari va ruboiylariga navbat kelganida xonadonimizda mushoira qizigandan qizib ketar edi. Men hamisha shoirning: “Kim etar maqsadg'a har kim, bo'lsa ul bedorroq”, degan misralarini takrorlashni yaxshi ko'rar edim.
Hozir 4 farzandning otasiman. Ular bilan ko'proq suhbatlashishga, o'qigan asarlari bo'yicha munozara qilishga urinaman. Ayniqsa, Paulo Koel`oning “Alkimyogar” asarini qayta-qayta mutolaa va tahlil qilishni yoqtiramiz. Shuningdek, farzandlarimga ko'proq milliy adabiyotimizni o'qish zarurligini ta'kidlayman. Meni xursand qilish uchun ular elektron kutubxonadan o'zbek adabiyoti asarlarini topib, oilaviy to'planadigan kunimiz o'sha asarlar haqida so'zlab berishadi. Ha, biz O'zbekistonni juda yaxshi ko'ramiz. Ona yurtimizni har kuni, har daqiqa yo'qlaymiz. O'z iqtidorimiz va izlanishlarimiz bilan bu quyoshsevar yurt ravnaqiga hissa qo'shishni sharaf deb bilamiz!
“Yangi O'zbekiston” muxbiri
Muxtasar Tojimamatova suhbatlashdi.