Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti professori Gulnoza Xalliyeva boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Shvetsiyada boʻldi. Amaliy safar davomida Shvetsiyaning Uppsal va Lund universitetlari kutubxonalarida turkiy xalqlarga oid 858 ta (agar takror nusxalar borligini hisobga olsak, 500 tadan ortiq) tarixiy qoʻlyozmalar mavjudligi aniqlangani aytilmoqda. Bu haqida “Dunyo” AA muxbiri xabar bermoqda.
Qoʻlyozmalar orasida Alisher Navoiy, Bobur, Fuzuliy, Soʻfi Olloyor, Mashrab kabi biz bilgan mashhur shoirlardan tashqari hali xalqimizga nomaʼlum boʻlgan shoirlar, tarjimonlarning ham qoʻlyozmalari mavjud. Birgina Alisher Navoiy qoʻlyozmalarining oʻzi 25 tani tashkil etadi.
Ushbu qoʻlyozmalar XIX va XX asrlarda shved missionerlari faoliyati davomida yigʻilgan, sotib olingan va keyinchalik Lund va Uppsala universitetlari kutubxonasiga tuhfa qilingan.
Mamlakatimizning Shvetsiyadagi elchixonasida Gulnoza Xalliyeva bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda ushbu mamlakat kutubxonalarida saqlanayotgan 800 dan ortiq noyob durdonalarimizni olimlar guruhi bilan kelib, avvalo, toʻliq reyestrini tuzish, tavsifini yaratish, hammasini yaroqli holga keltirib taʼmirlash, iloji boʻlsa yurtimizga qaytarish maqsad qilingan.