8-17 noyabr` kunlari shveytsariyalik shifokorlar bemorlarni tibbiy ko'rikdan o'tkazadi, tug'ma yurak nuqsonlari bo'lgan kishilarni operatsiya qiladi, aortokoronar va miniinvaziv jarrohlik amaliyotlarini o'tkazadi. Bundan tashqari, ular tomonidan o'zbekistonlik hamkasblari uchun interventsion kardiologiyaning zamonaviy usullaridan foydalanish bo'yicha treninglar va mahorat darslari o'tkazish rejalashtirilgan, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Shveytsariyalik mutaxassislarning O'zbekistonga tashrifi masalalari mamlakatimizning Frankfurt-Mayn (Germaniya) shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan Shveytsariyaning “EurAsia Heart” (EAH) tibbiyot jamg'armasi vakillari bilan o'tkazilgan muzokaralar doirasida ishlab chiqildi.
EAH 2006 yil Syurix shahrida tashkil etilgan. Jamg'armaning asosiy faoliyati yurak-qon tomir kasalliklari sohasida malakali tibbiy yordam ko'rsatish va tibbiyot xodimlarini tayyorlashga ko'maklashishdan iborat.