XI- Sichuan xalqaro turizm koʻrgazmasi “SCITE”da Turizm qoʻmitasi delegatsiyasi hamda Andijon, Namangan, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari vakillari ishtirok etyapti.
Koʻrgazmada Andijon, Namangan, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining yangi sayyohlik yoʻnalishlari namoyish etilyapti. Bu, shubhasiz, Oʻzbekiston hududlarining sayyohlik salohiyatini keng targʻib etishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, tashrif doirasida XKP Sichuan provinsiyasi qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Ouyan Szexua bilan uchrashuv oʻtkazildi. Tomonlar sayyohlar oqimini oʻzaro koʻpaytirish, kadrlar tayyorlash, shuningdek, turizm sohasida mintaqalararo hamkorlikni kengaytirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarni muhokama qildilar, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.
28 va 30-aprel kunlari Chansha (Xunan provinsiyasi) va Chunsin shaharlarida ham sayyohlik taqdimotlari boʻlib oʻtadi.