Sifat sertifikati talabga mos bo'lsin!

    Oziq-ovqat mahsulotlari hamisha insoniyatning eng asosiy ehtiyojlaridan biri bo'lib kelgan.

    Rivojlangan asrimizga kelib, bu yo'nalishda ishlab chiqarish ko'lami qanchalik kengaymasin, ko'plab davlatlarda mazkur masala hamon muammoligicha qolmoqda. Boshqa tomondan, endi nafaqat iste'mol mahsulotlari yetishtirish, balki ularning sifati, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga talab ortib bormoqda.

    Bugungi kunda jahon standartlari talabiga javob beradigan mahsulotning bozori chaqqon bo'lib, tezda o'z xaridorlarini topayotgani sir emas. Oziq-ovqat mahsulotlari eksporti mamlakat iqtisodiyotining muhim qismini tashkil etayotgan bir vaqtda, har bir davlat sifat sertifikatlari bilan hisoblashishga intilayotgani boisi ham shunda. Zero, mahsulotning dunyo bozoriga chiqib borishida unga yopishtirilgan sifat yorlig'i asosiy tashrif qog'oziga aylanyapti.

    Shu jihatdan, yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligi, iste'mol mahsulotlarining sifat ko'rsatkichlarini nazorat qilishga alohida e'tibor qaratilib, eksportning mutlaqo yangi, zamonaviy bosqichiga o'tildi. Yangi O'zbekistonning iqtisodiy, ijtimoiy rivojlanishida boshqa sohalar qatori texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlash sohalari muhim o'rin tuta boshladi. Xususan, davlatimiz rahbarining 2021 yil 2 iyundagi “Texnik jihatdan tartibga solish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish to'g'risida”gi farmoni texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlash va metrologiya sohalarida tarkibiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, tizimga zamonaviy uslublarni joriy qilishga oid yangi davrni boshlab berdi.

    Ayni paytda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan milliy mahsulotlarimizning sifati va raqobatbardoshligini oshirish, iste'molchilar manfaatlarini himoya qilish, sifatli mahsulot ishlab chiqarayotgan va uni qator chet mamlakatlarga eksport qilib, yurt rivojiga hissa qo'shayotgan tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash, sifatsiz mahsulotlarni yurtimizga kirib kelishining oldini olish, zamonaviy laboratoriyalarni ko'paytirishdek kechiktirib bo'lmas, dolzarb vazifalarni amalga oshirish ushbu soha mutaxassislari oldiga yangi talablarni qo'ymoqda. Asosiy maqsad milliy mahsulotlarimizning sifatini oshirish, jahon bozorlarida raqobatbardoshligini ta'minlashga qaratilgan.

    Yuqoridagi farmon O'zbekiston standartlar instituti oldiga ham bir qator muhim vazifalarni qo'ygani holda, oxirgi yillarda sohada qator amaliy ishlar boshlab yuborildi. Jumladan, xalqaro ekspertlarning tavsiyalari asosida O'zbekiston Respublikasi “Standartlashtirish to'g'risida”gi Qonunning yangi tahriri ishlab chiqilib, vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.

    Shu o'rinda, standartlashtirish o'zi nima, uning ahamiyati nimada, degan tabiiy savol tug'iladi. Standart — bu har bir mahsulotga qo'yiladigan me'yoriy sifat talabidir. Standartlashtirish esa barcha mahsulot turlari, rusumlari, parametrlari, o'lchamlari va sifati bo'yicha hamda ishlab chiqarish texnologiyasi, sinash va nazorat qilish uslubi, mahsulotni joylash, rusumlash, saqlash va boshqalarga me'yoriy birlik o'rnatishni anglatadi. Dunyoning deyarli har bir davlatida mahsulotlarga tartib va me'yorlar majmuasini ishlab chiquvchi va qo'yuvchi maxsus tuzilma — standartlashtirish tashkiloti faoliyati yo'lga qo'yilgan.

    Yurtimizda ham standartlashtirish sohasi bugungi kunda iqtisodiyotning asosiy bo'g'inlaridan biriga aylandi. Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar avvalo, itqisodiyotning yuksalishi, tadbirkorlar va ishbilarmonlar faoliyatini engillashtirish, xalqimiz farovonligiga qaratilgan.

    O'tgan davr sarhisobiga murojaat qiladigan bo'lsak, joriy yilda O'zbekiston standartlar instituti tomonidan 6079 ta standartlar qabul qilinib, xalqaro talablar bilan uyg'unlashtirilgan standartlar 14 858 taga etkazildi. 1995 yilgacha bo'lgan 5300 dan ortiq standartlarning tartibga soluvchi gilotini usulida amal qilish muddati to'xtatildi. 780 ta tashkilot standartlari o'rniga unifikatsiyalash yo'li bilan xalqaro talablarga uyg'unlashgan yagona talablarni belgilovchi 22 ta davlat standartlari ishlab chiqildi.

    Texnik jihatdan tartibga solish sohasida normativ hujjatlarni ishlab chiqish, xalqaro standartlarni qabul qilish va amaldagilarni qayta ko'rib chiqish bo'yicha oltita vazirlik va idoralar qoshida milliy texnik qo'mitalar tashkil etildi. Mudofaa sanoati qo'mitasi qoshida STQ-1 “Harbiy va ikki hil maqsadda ishlatiladigan mahsulotlar”, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Yong'in xavfsizligi va favqulodda vaziyatlar muammolari ilmiy-tadqiqod instituti qoshida STQ-2 “Favqulodda vaziyatlar va yong'in xavfsizligi”, “O'zcharmsanoat” uyushmasi qoshida STQ-3 “Charm-poyafzal, mo'ynachilik va qorako'lchilik sanoati” milliy texnik qo'mitalari tashkil etildi.

    Bu borada ayniqsa, xalqaro aloqalarga alohida e'tibor qaratilmoqda. O'tgan davrda xalqaro tashkilotlarning 17 ta (ISO, IEC va MGS) texnik qo'mitalariga a'zo bo'lindi. 84 ta sanoat korxonalarida xalqaro — “ISO 9001”, “ISO 14001”, “ISO 22000” va “ISO 50001” standartlari joriy etilib, sertifikatlashtirildi. Kelgusida “ISO”ning 6 ta texnik qo'mitalariga a'zo bo'linib, a'zolik soni 29 taga hamda 2 ta “IEC”ning texnik qo'mitalariga a'zo bo'lib, a'zolik soni 12 taga etkazilishi rejalashtirilgan.

    Shuningdek, Institut mutaxassislari tomonidan 3250 ta xalqaro standartlar davlat tiliga tarjima qilindi. Elektron tarjima qilish hamda dastlabki tarjima loyihasini bevosita ishlab chiqarishda oprobatsiyadan o'tkazilishi natijada 18,5 milliard so'm byudjet mablag'lari tejaldi.

    Fuqarolar va tadbirkorlar uchun ko'rsatilayotgan xizmatlarni raqamlashtirish orqali shaffoflikni ta'minlash va ularga har tomonlama qulayliklar yaratish maqsadida “e-standart”, “e-fond”, “e-study” portallari ishlab chiqildi. Mazkur axborot tizimlari, xususan, “e-standart” portali standartlarni davlat ro'yxatidan o'tkazishning raqamlashgan (Customer Relationship Management- CRM) shakli bo'lib, bunda barcha amalga oshirilayotgan jarayonlarni onlayn kuzatib borish imkoniyati yaratiladi. Ayni paytda ushbu shaffof tizimlarni amaliyotga joriy etish ishlari olib borilmoqda.

    Bundan tashqari, tizimda amalga oshirilishi ko'zlangan ishlar talaygina. Jumladan, joriy yil oxirigacha 7 mingdan ortiq standartlarni xalqaro standartlar bilan uyg'unlashtirib, bu boradagi ko'rsatkich 75 foizga yetkazililishi ko'zda tutilgan. Poliz ekinlari, asal, qizilmiya, kovul, qorako'l terisi, quruq mevalar singari 6 tur mahsulotlarga xalqaro standart loyihalari ishlab chiqiladi. Jahon bankining 5 million dollarlik mablag'lari hisobidan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bo'yicha arbitraj sinov laboratoriyasi tashkil etilishi ham rejalashtirilgan.

    Tarmoqlar bilan hamkorlikda 400 dan ortiq sanoat va iqtisodiy tizimdagi mutaxassislarni texnik jihatdan tartibga solish sohasida xorijiy davlatlarda malakasini oshirish ham belgilangan asosiy vazifalar sirasiga kiradi. Unga ko'ra, milliy muvofiqlikni baholash tizimining IAF, ILAC singari xalqaro tashkilotlar tomonidan tan olinishi uchun yangi xalqaro standart (ISO/IEC 17025:2017) talablari asosida 600 nafar sinov laboratoriya xodimlarini tayyorlash nazarda tutilgan.

    Bir so'z bilan aytganda, ushbu chora-tadbirlar milliy mahsulotlarimizning sifatini oshirish, xalqaro talablarga moslashtirish orqali ularning jahon bozoridagi talabgirligini ta'minlashga xizmat qiladi. Bu borada mahalliy tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash, ularga keng imkoniyat va yengilliklar yaratish esa tizim oldiga qo'yilgan asosiy vazifalardan biridir.

    Azizbek HAMDAMOV,

    O'zbekiston standartlar instituti direktori