Sifat va narx uygʻunligiga ega milliy mahsulotlarimiz “Euro Shoes Premiere Collection 2022” da eʼtirof etildi

    Biznes 31 Avgust 2022 1544

    Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida “Euro Shoes Premiere Collection 2022” xalqaro koʻrgazmasi oʻz ishini boshladi. Charm-poyabzal sanoati uchun qulay biznes maydoni sanalgan ushbu koʻrgazmada “Oʻzcharmsanoat” uyushmasiga aʼzo 20 ga yaqin korxonalar “Made in Uzbekistan” jamoaviy stendida mingdan ortiq turdagi mahsulotlar namunalarini koʻrgazma ishtirokchilariga taqdim etgan.

    Poyabzal biznesi vakillari uchun yiliga ikki marta tashkil etiladigan sanoat tadbirining ahamiyati shundaki mazkur koʻrgazmada MDHning yirik riteylerlari va ulgurji savdo vakillari ishtirok etishidir. Shuningdek xalqaro investitsiyalarni jalb etish, sohadagi soʻngi tendensiyalar bilan tanishish, kelgusi mavsum uchun yirik hajmdagi buyurtmalar qabul qilishda aynan ushbu xalqaro anjumanning oʻrni kattadir.

    “Euro Shoes Premiere Collection 2022” xalqaro koʻrgazmasining dastlabki kunida mahalliy korxonalarimiz Rossiyaning “Moskva” ulgurji savdo kompleksi vakillari bilan muzokaralar oʻtkazdi. Muloqotda mamlakatimiz korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan charm-poyabzal mahsulotlari, charm-attorlik buyumlarini eksport qilish masalasi koʻrib chiqildi. Qayd etish kerak, 260 ming metr kvadrat maydonni egallagan savdo kompleksida 50 ta yoʻnalish boʻyicha 6 500 ta savdo doʻkonlari, omborxonalar, koʻrgazma markazi, shou rumlar joy olgan. Ushbu markazdan yiliga 65 ming ulgurji savdo vakillari mahsulotlarni xarid qiladi.

    Muloqotda savdo kompleksi vakillari xususan Samarqand viloyatida joylashgan “Grand Fayz Baraka” MCHJning mavsumiy va sport poyabzallari, shuningdek, mahalliy korxonalarimizning charm sumkalariga katta qiziqish bildirdi. Shuningdek, ularni sifati va narxining uygʻunligi milliy mahsulotlarimizning Rossiya bozoridan tez fursatda joy olishi taʼkidlandi. Joriy yil oktyabr oyida Toshkentda boʻlib oʻtadigan “UzCharmExpo-2022” xalqaro koʻrgazmasida Ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini kengaytirish bilan bogʻliq masalalarni batafsil muhokama qilib olishga kelishib olindi.

    Shuningdek, Rossiyaning “Analpa” kompaniyasi vakili bilan ham muloqot oʻtkazildi. Mazkur kompaniya tarkibida “KEDDO”, “BETSY”, “CROSBY”, “GRUNBERG” brendlari boʻlib, dunyo bozori uchun har yili yangi kolleksiyalarni taqdim etishi bilan ajralib turadi. Rossiyaning eng yirik kompaniyalaridan biri sanalgan “Analpa” Oʻzbekistondan poyabzal mahsulotlari uchun xom ashyo, tayyor charmni xarid qilishga qiziqish bildiryapti. Muloqotda “Hamkor Nur Savdo”, “Angren Charm”, “Peng Sheng”, “Asl Charm” kabi tayyor charm ishlab chiqaruvchi korxonalar mahsulotlarning namunalari taqdim etildi. Kompaniya namunalarni texnik koʻrikdan oʻtkazgandan soʻng Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilish boʻyicha shartnoma imzolashini maʼlum qildi. Oktyabr oyidagi koʻrgazmada “Analpa” kompaniyasi ham ishtirok etib, hamkorlik masalalari koʻrib chiqiladi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.

    “Euro Shoes Premiere Collection 2022”xalqaro koʻrgazmasi 2-sentyabrga qadar davom etadi.