Oltin muvozanat
O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni alohida strategik ahamiyat kasb etadi. Buni faqat tashqi savdo erkinlashuvi sifatida baholash to‘g‘ri emas. Chunki JSTga integratsiya mamlakat iqtisodiyotini xalqaro raqobat muhitiga olib chiqadi, ishlab chiqaruvchilarni sifat va samaradorlikka undaydi hamda bozorda tabiiy raqobat muhitini shakllantiradi.
Bu transformatsiya O‘zbekiston iqtisodiyotining xomashyoga qaram modeldan
yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan industrial iqtisodiyotga o‘tishini tezlashtirishi
mumkin. Bugungi dunyoda asosiy daromad xomashyodan emas, balki texnologiya,
muhandislik va intellektual mahsulotlardan shakllanmoqda. Shuning uchun mamlakat
oldidagi asosiy vazifa tabiiy resurslarni shunchaki eksport qilish emas, balki
chuqur qayta ishlab, tayyor va raqobatbardosh mahsulotlarga aylantirishdir.
Mamlakatimizda Mendeleyev jadvalidagi deyarli barcha strategik elementlar
mavjud. Endi bu imkoniyatlarni samarali ishga solish vaqti keldi. Masalan, mis,
litiy, uran va nodir metallar asosida akkumulyatorlar, elektrotexnika
mahsulotlari, sanoat uskunalari va “yashil iqtisodiyot” uchun zarur texnologiyalar
ishlab chiqarish tashqi savdo salohiyatini bir necha barobar oshirishi mumkin. Bu esa
O‘zbekistoni oddiy resurs yetkazib beruvchi emas, balki Markaziy Osiyodagi yuqori
texnologiyali industrial markazlardan biriga aylantirish imkonini beradi.
JSTga a’zolik mamlakatga kirib kelayotgan investitsiyalar hajmini ham
oshirishi mumkin. Chunki investorlar, avvalo, qonunlari barqaror, savdo qoidalari
aniq va xalqaro iqtisodiy tizimga integratsiyalashgan davlatlarga ishonch bildiradi.
Yangi O‘zbekiston fenomeni aynan shu jihatda namoyon bo‘lmoqda: mamlakat
bir vaqtning o‘zida ichki islohotlar, industrial taraqqiyot, ochiq iqtisodiyot va
ko‘p vektorli pragmatik tashqi siyosatni uyg‘un olib bormoqda. Bu esa kelajakda
O‘zbekistonning nafaqat mintaqaviy, balki global iqtisodiy ahamiyatini ham
sezilarli darajada oshiradi.
Shu ma’noda, O‘zbekistonning JSTga integratsiyalashuvi nafaqat tashqi savdo
imkoniyatlarini kengaytirish, balki iqtisodiyotning sifat jihatidan yangi
bosqichga o‘tishi uchun ham muhim asos desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
JSTga a’zolik jarayonidagi muhim davr
Davlatimiz rahbari tanishgan taqdimotda 2025 yil O‘zbekistonning Jahon savdo
tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonida eng faol va hal qiluvchi bosqichlardan biri
bo‘lgani qayd etildi. Mamlakatda yuritilayotgan ochiq iqtisodiyot siyosati, tashqi
savdoni erkinlashtirish va keng ko‘lamli islohotlar JSTga integratsiya jarayonini
mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi. Endi bu jarayon faqat tashqi savdo
munosabatlarini tartibga solish emas, balki iqtisodiyotni xalqaro raqobat
muhitiga moslashtirishning muhim mexanizmiga aylanmoqda.
Taqdimotda ta’kidlanganidek, O‘zbekistonning JSTga a’zolik bo‘yicha ko‘p
tomonlama va ikki tomonlama muzokaralari sezilarli faollashdi. JST ishchi
guruhining ikki yig‘ilishi o‘tkazilib, tashkilot a’zolariga 200 dan ortiq savol
yuzasidan rasmiy javoblar hamda tashqi savdo sohasiga oid o‘nlab hujjatlar taqdim
etildi. Bu mamlakatning xalqaro iqtisodiy munosabatlarda ochiqlik va shaffoflik
tamoyillariga tobora yaqinlashayotganini ko‘rsatadi.
Ikki tomonlama muzokaralar ham yangi bosqichga chiqqan. 40 dan ortiq
muzokara raundi o‘tkazilib, 2025 yilning o‘zida 11 ta davlat bilan kelishuvga
erishildi. Natijada O‘zbekiston bilan JSTga a’zolik bo‘yicha muzokaralarni
yakunlagan davlatlar soni 33 taga yetdi. Bu esa mamlakatning xalqaro iqtisodiy
maydonda ishonchli va prognoz qilinadigan hamkor sifatidagi nufuzi oshib
borayotganini anglatadi.
Muhimi, JSTga qo‘shilish jarayoni ichki iqtisodiy islohotlarni ham
jadallashtirmoqda. Xususan, o‘tgan yilning o‘zida 68 ta qonunchilik hujjati
xalqaro me’yorlarga moslashtirildi. Intellektual mulk sohasidagi tartiblar
soddalashtirildi, eksport cheklovlari bekor qilindi, minimal eksport narxlarini
belgilash amaliyotidan voz kechildi. Bu iqtisodiyotda ma’muriy aralashuvni
qisqartirish va bozor mexanizmlarini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
JSTga a’zo bo‘lish xalqaro qoidalar va standartlarga moslashishni talab
qiladi. Shu bois, tashqi savdodagi texnik va sanitariya talablarini xalqaro
me’yorlarga uyg‘unlashtirish ishlari ham yangi bosqichga chiqdi. Ilgari ortiqcha
byurokratik to‘siq bo‘lib kelgan qator sertifikatlash tizimlari qayta ko‘rib
chiqildi. Jumladan, 747 ta tovar pozitsiyasi bo‘yicha majburiy sertifikatlashtirish
talablari bekor qilinib, texnik cheklovlar sezilarli qisqartirildi. Bu
tadbirkorlar uchun tashqi bozorlarga chiqishni yengillashtirish bilan birga ichki
bozorda raqobat muhitini ham kuchaytirmoqda.
Bu kabi islohotlar faqat JSTga a’zo bo‘lish uchun amalga oshirilayotgani
yo‘q. Ularning asosiy maqsadi ochiq, raqobatbardosh va zamonaviy iqtisodiyotni
shakllantirishdir. Chunki bugungi dunyoda iqtisodiy muvaffaqiyat faqat tabiiy
resurslar yoki ichki bozor hajmi bilan emas, balki investitsion ishonch, erkin
raqobat va xalqaro qoidalarga mos iqtisodiy tizim bilan ham belgilanadi.
Shu ma’noda, O‘zbekistonning JSTga a’zolik jarayoni oddiy texnik
muzokara emas. Bu O‘zbekiston iqtisodiyotini sifat jihatidan yangi bosqichga olib
chiqishga qaratilgan uzoq muddatli strategik transformatsiyaning muhim qismi
hisoblanadi.
O‘ziga xos pragmatik
industrial yo‘l
O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirish jarayoni dunyoda o‘ta
murakkab va geosiyosiy jihatdan beqaror davrga to‘g‘ri kelayapti. Bugun global
iqtisodiyot tobora geosiyosiy raqobat maydoniga aylanmoqda. Transport yo‘laklari,
energiya resurslari, texnologiyalar va yangi bozorlar uchun kurash xalqaro
munosabatlarga kuchli ta’sir ko‘rsatyapti. AQSh — Xitoy raqobati, Rossiyaga qarshi
sanksiyalar va Yevropa hamda Osiyo o‘rtasidagi yangi logistika zanjirlari shakllanishi
jahon iqtisodiy xaritasini tubdan o‘zgartirmoqda.
Shunday sharoitda O‘zbekistonning JSTga integratsiyalashuvi oddiy tashqi
savdo jarayoni emas, balki uzoq muddatli strategik tanlov sifatida namoyon
bo‘lmoqda. Chunki bugun davlatlarning ahamiyati faqat resurslari yoki ishlab chiqarish
hajmi bilan emas, global savdo va transport tizimida tutgan o‘rni bilan ham
belgilanmoqda.
Aynan shu sababli yangi O‘zbekiston tashqi siyosatda muvozanatli va
pragmatik yo‘lni tanlamoqda. Mamlakat bir vaqtning o‘zida Rossiya, Xitoy, Yevropa
Ittifoqi, Turkiya va Osiyo davlatlari bilan iqtisodiy munosabatlarni izchil rivojlantirishga
harakat qilyapti. Bu esa ko‘p vektorli iqtisodiy diplomatiya mamlakat tashqi
siyosatining muhim xususiyatiga aylanganini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston hech bir geosiyosiy qarama-qarshilik markazida qatnashishni
emas, barcha davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni ustuvor deb bilmoqda.
Bugungi beqaror sharoitda aynan shu yondashuv mamlakat iqtisodiy xavfsizligi va
barqaror taraqqiyoti uchun muhim omilga aylanmoqda.
Sinovlar va yechimlar
Jahon savdo tashkilotiga a’zolik milliy iqtisodiyot oldiga yangi talab va
chaqiriqlarni ham qo‘yarkan, ochiq iqtisodiyot sharoitida ichki bozor xalqaro raqobat
uchun ochiladi va bu ayrim mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun jiddiy sinovga
aylanishi tabiiy. Ayniqsa, texnologiya, mahsulot sifati va tannarx bo‘yicha
raqobatbardoshligi past bo‘lgan korxonalar tashqi bozor bosimiga duch kelishi
ehtimoldan xoli emas. Arzon import mahsulotlar kirib kelishi ayrim mahalliy
ishlab chiqaruvchilar faoliyatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu esa iqtisodiyotni
sun’iy himoya qilish emas, balki uni real raqobat sharoitiga tayyorlash zarurligini
ko‘rsatadi.
JST qoidalari davlat subsidiyalari va proteksionist mexanizmlarni
bosqichma-bosqich qisqartirishni talab qiladi. Ya’ni davlat qo‘lloviga o‘rganib
qolgan ayrim tarmoqlarni yangi iqtisodiy muhitga moslashishga undaydi.
Bu jarayonni faqat xavf sifatida baholash to‘g‘ri emas. Aksincha, u milliy
iqtisodiyotni modernizatsiyalash, texnologik yangilanish va samaradorlikni oshirish
uchun muhim imkoniyat hamdir. Chunki bugungi global iqtisodiyotda samarasiz va eski
boshqaruv tizimiga asoslangan ishlab chiqarish modellari uzoq muddat raqobatga
bardosh bera olmaydi.
O‘zbekistondagi jadal iqtisodiy islohotlar ayni shu transformatsiyaga
tayyorgarlik vazifasini bajarmoqda. Oliy ta’limni tranсformatsiyalash, raqamli
iqtisodiyot va sun’iy intellektga o‘tish, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash,
tadbirkorlik muhitini yengillashtirish, logistika va infratuzilmani
modernizatsiyalash, bank va soliq tizimi islohotlari kabi choralar milliy
iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish,
yoshlar startaplarini qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy savodxonlikni oshirish
kelajakda muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, zamonaviy iqtisodiyotda davlat kuchi
nafaqat resurslar, balki tez moslasha oladigan va innovatsion xususiy sektor
bilan ham belgilanadi.
Toshgan daryo o‘zan
izlaydi
Bugungi global geoiqtisodiy o‘zgarishlar sharoitida O‘zbekiston tashqi
savdo aylanmasining kelgusida bir necha barobar o‘sishi uchun mustahkam iqtisodiy
asoslar mavjud. Ayniqsa, transport yo‘laklari, energiya xavfsizligi, strategik
mineral resurslar va sanoat xomashyolariga bo‘lgan talabning ortishi mamlakat uchun
yangi imkoniyatlar ochmoqda. Shu nuqtai nazardan, tashqi savdo aylanmasining ikki
karra o‘sishi real iqtisodiy jarayon sifatida ko‘rilmoqda.
O‘zbekiston tabiiy resurslar zaxirasi bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchi
davlatlardan biri. Mamlakat oltin, mis, uran, litiy va nodir metallar
zaxiralariga ega. Bugun “yashil iqtisodiyot” va yuqori texnologiyalar rivoji tufayli
aynan shu resurslarga jahon bozorida talab keskin ortmoqda. Elektromobillar,
akkumulyatorlar va raqamli texnologiyalar ishlab chiqarishda bu resurslar strategik
ahamiyat kasb etadi. Talab va taklif esa O‘zbekiston eksport salohiyatini uzoq
muddatli istiqbolda sezilarli oshirish imkonini beradi.
Ikkinchidan, global logistika yo‘laklari o‘zgarishi O‘zbekistonning
ahamiyatini kuchaytirmoqda. Yevropa — Osiyo, Xitoy — Markaziy Osiyo — Yaqin Sharq va
Transkaspiy transport yo‘nalishlariga qiziqish ortib bormoqda. O‘zbekiston ushbu
yo‘nalishlar markazida joylashgan davlat sifatida tranzit va logistika xabiga
aylanish imkoniyatiga ega. “Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston” temir yo‘li,
Transafg‘on loyihasi va Kaspiy orqali Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatlari
tashqi savdo hajmini yanada kengaytiradi.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda kuzatilayotgan akademik va ta’lim
sohasidagi transformatsiya alohida ahamiyat kasb etmoqda. Chunki kelajak
iqtisodiyotining asosiy kuchi inson kapitali hisoblanadi. Bugun ko‘plab
rivojlangan davlatlarda demografik qarish jarayoni kuchayib, mehnat resurslari
qisqarib bormoqda. O‘zbekiston esa yoshlar ulushi yuqori bo‘lgan davlat sifatida
katta strategik ustunlikka ega.
Endi asosiy masala ushbu demografik imkoniyatni yuqori malakali kadrlar,
muhandislar, dasturchilar va texnologik fikrlaydigan avlodga aylantira olishdir.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, kelajak iqtisodiyoti zamirida yuqori
muhandislik ishlanmalari, innovatsiyalar va zamonaviy texnologiyalar turishi lozim.
Chunki dunyo iqtisodiyotida asosiy ustunlik endi xomashyo emas, balki ilm-fan,
texnologiya va intellektual salohiyat bilan belgilanmoqda.
Rivojlangan davlatlar tajribasi ko‘rsatadiki, iqtisodiy qudratning
asosida aynan yuqori texnologiyali sanoat va innovatsion ishlab chiqarish tizimi
turadi. Janubiy Koreya, Yaponiya, Germaniya yoki Xitoyning iqtisodiy taraqqiyoti,
avvalo, muhandislik maktabi, sanoat texnologiyalari va bilimli kadrlar bilan
bog‘liq bo‘lgan.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonda mashinasozlik, elektrotexnika, kimyo
sanoati, energetika uskunalari va raqamli texnologiyalar sohasida milliy ishlab
chiqarish zanjirlarini shakllantirish iqtisodiyotni yangi bosqichga olib chiqishi
mumkin. Agar bu jarayon Jahon savdo tashkilotiga integratsiya va ochiq iqtisodiyot
siyosati bilan uyg‘un kechsa, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yuqori texnologiyali
mahsulotlar ishlab chiqaruvchi yirik industrial markazlardan biriga aylanishi
ehtimoli ortadi.
Ochiq iqtisodiyot yangi talab va chaqiriqlarni ham yuzaga keltiradi. Ayrim
tarmoqlarni modernizatsiyalash, raqobatbardoshlikni oshirish va texnologik
yangilanishni tezlashtirish hayotiy zaruratga aylanmoqda. Chunki global raqobat
sharoitida eski boshqaruv usullari va past samaradorlikka asoslangan iqtisodiy
modellar uzoq davom etmaydi.
Markaziy Osiyo davlatlariga endi faqat xomashyo eksport qiluvchi hudud
sifatida emas, sanoat kooperatsiyasi, qo‘shma ishlab chiqarish va transport-logistika
zanjirlari shakllanayotgan iqtisodiy makon deb qaralmoqda. Mintaqaviy barqaror
o‘sish mintaqa davlatlari o‘rtasida raqobatdan ko‘ra o‘zaro manfaatli integratsiya
ehtiyoji kuchayib borayotganini anglatadi.
Bugungi global beqarorlik sharoitida yangi O‘zbekiston tanlagan yo‘l ochiq iqtisodiyot, tinchlik va taraqqiyot
yo‘lidir. Aynan shu oqilona siyosat mamlakatning xalqaro iqtisodiy nufuzini
mustahkamlash, investitsion jozibadorligini oshirish va kelajak avlodlar uchun
barqaror taraqqiyot asoslarini yaratishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Sherzod QURBONOV,
iqtisodiy tahlilchi