Keyingi yillarda amalga oshirilayotgan tub islohotlar natijasida Navoiy davlat pedagogika institutida taʼlim sifati va samaradorligini oshirish, pedagog-xodimlar maqomini yanada yuksaltirish, “talababay” ishlash tizimiga oʻtish borasida muayyan ishlar bajarilmoqda.
Jumladan, bu yil 4-mart kuni Prezidentimiz raisligida oliy taʼlim muassasalari talabalari bandligini taʼminlash orqali ularning turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektorda berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Ishga layoqatli yoshlar aniqlanib, ularni ishga joylashtirish boʻyicha tizimli ishlar boshlab yuborildi.
Institut talabalarining bandligini taʼminlash boʻyicha fakultetlar va kurslar kesimida suhbatlar oʻtkazildi. Hozir ushbu oliy oʻquv yurtida jami 18 ming 604 nafar talaba tahsil olayotir. 10 ming 760 nafari kunduzgi boʻlimda oʻqiydi. Shulardan 20 nafari “Temir daftar”ga, 87 nafari “Ayollar daftari”ga, 44 nafari “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, 27 nafari chin yetim, 195 nafari nogironligi boʻlgan talabalardir.
Ushbu yoshlar bandligini taʼminlash maqsadida bandlik boshqarmasi tomonidan viloyat boʻyicha talabalar ishlashi mumkin boʻlgan 2591 ta boʻsh ish oʻrni taqdim etilgan. Bir guruh talabalar uchun Navoiy shahri va Karmana tumanidagi ishlab chiqarish korxonalarida “Biznes sayohat” loyihasi tashkil qilindi.
Institut talaba qizlarini kasb-hunarga oʻqitish hamda ishga joylashtirishga koʻmaklashish maqsadida Navoiy shahridagi “Diana” tikuvchilik sexi, Karmana tumanidagi non va shirinlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Asl Orzu non va shirinliklari” MCHJ, “Tinchlik” teks til korxonasi va “Shadozi Noza brend” xususiy korxonasiga borildi. Biznes sayohat davomida 200 nafarga yaqin talaba qiz oʻzi ishlash istagini bildirgan yoʻnalishlarni tanladi.
Quvonarlisi, shu kunning oʻzida besh nafar talaba sertifikatni qoʻlga kiritib, “Tinchlik” tekstil korxonasiga ishga qabul qilindi. Qolaversa, institutda ishsiz talabalarning bandligini taʼminlash maqsadida oʻtkazilgan mehnat yarmarkasida Navoiy shahridagi 68 ta korxona va tashkilot mavjud 175 ta boʻsh ish oʻrni bilan ishtirok etdi.
Unda 752 nafar ishsiz talaba qatnashib, 37 nafariga doimiy ishga joylashishi uchun yoʻllanma berildi. Talabalar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovnoma natijasida ularning 1130 nafari musiqa, 523 nafari hunarmand lik, 1563 nafari fan, 1769 nafari sport, 920 nafari rassomlik va chizmachilik, 150 nafari notiqlik, 325 nafari tikuvchilik va pazandalik toʻgaraklarida band ekani hamda 853 nafar talaba ishlashga ehtiyoji borligi, qolgan talabalarning iqtisodiy ahvoli barqarorligi hamda ishlashga ehtiyoji mavjud emasligi aniqlandi.
Shundan soʻng Navoiy viloyati hokimligi, viloyat bandlik bosh boshqarmasi va Navoiy davlat pedagogika instituti hamkorligida “Ishga marhamat” monomarkazida yoshlar bandligini taʼminlash boʻyicha “Boʻsh ish oʻrinlari” mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Unda institutning 800 nafarga yaqin talabasi ishtirok etib, oʻzlari maʼqul koʻrgan boʻsh ish oʻrinlari boʻyicha yoʻllanmalar oldi.
— Ushbu markazda turli kasblarni oʻrganayotgan yoshlarni koʻrib juda havasim keldi.Guruhimiz qizlari bilan pazandalik va qandolatchilik sirlarini oʻrganishga qaror qildik. Barcha yoshlarga institutda oʻqish bilan bir qatorda, bu kabi markazga kelib, kasb-hunar oʻrganishlarini tavsiya qilgan boʻlardim, — deydi fizika va texnologik taʼlim fakulteti talabasi D.Oʻrinova.
Navoiy davlat pedagogika institutiga ishga qabul qilingan 60 nafarga yaqin talaba va magistrant bilan uchrashuv oʻtkazildi. Ularga kelajakda yetuk mutaxassis boʻlib, Vatanimiz ravnaqi yoʻlida samarali faoliyat olib borishi uchun taklif va tavsiyalar berildi. Ishlashga va qoʻshimcha daromad topishga ehtiyojmand 853 nafar talabaning 118 nafari xalq taʼlimi tizimiga, 91 nafari maktabgacha taʼlim tizimiga, 24 nafari institutda mavjud vakant oʻrinlarga, 10 nafari ilmiy loyihalarga, 69 nafari tadbirkorlik subyektlariga, 45 nafari qurilish brigadalariga, 152 nafari turli korxona va tashkilotlarga ishga jalb qilindi.
Yana 290 nafari viloyatdagi turli korxona va tashkilotlardagi boʻsh ish oʻrinlariga yuborilmoqda. Shuningdek, institutda viloyat bandlik boshqarmasi bilan hamkorlikda bandlik markazi tashkil etildi. Markazda Navoiy viloyatining 11 ta tuman va shahar bandlik boʻlimlari bilan uzviy aloqa oʻrnatilgan boʻlib, hududlar kesimida boʻsh ish oʻrinlari haqidagi maʼlumotlar bazasi yangilanib, fakultet dekanatlariga doimiy yetkazib berilmoqda.
Hindistonning yurtimizdagi elchixonasi hamda Hind madaniy markazi hamkorligida ingliz va hind tilini oʻrgatish markazlari faoliyat olib bormoqda. Oʻrganishlar natijasida bandlik markazi hamda Xalq bankining elektron bazasi orqali 912 nafar talabaning bandligi taʼminlangani aniqlandi. Qoʻshimcha soʻrovlar va oʻrganishlar natijasiga koʻra, 1-3 kurs talabalaridan yana 688 nafari ishlashga ragʻbat bildirgan. Buning natijasida 2022-yil yakuniga qadar 2453 nafar talabani ishga joylashtirish chora-tadbirlari ishlab chiqildi.
Hozir Navoiy davlat pedagogika inst ituti tasarrufidagi mavjud a uditoriya va xonalarda oʻquv kurslari tashkil qilish maqsadida murojaat qilgan 42 nafar talabaga tikuvchilik, qalamtasvir, rangtasvir, kompozitsiya, chizmachilik, taqinchoq yasash, dizaynerlik, ingliz tili, kompyuter savodxonligi, matematika, rus tili, mental arifmetika, kimyo, psixologiya, geografiya, biologiya, ona tili va adabiyot, milliy hunarmandlik kabi 20 ta yoʻnalishda toʻgaraklar faoliyatini yoʻlga qoʻyishi uchun imkoniyat yaratib berildi.
Shuningdek, institutda “Inkubatsiya va akseleratsiya” markazi tashkil qilinib, innovatsion va startap gʻoyalarini amalga oshirish va iqtisodiy daromad topish niyatidagi 12 nafar talaba biriktirilgan. Xullas, oliy taʼlim muassasasida talabalar bandligini taʼminlash va bu jarayonni doimiy nazorat qilish, viloyatdagi mavjud ish oʻrinlari progn ozidan doimiy xabardor boʻlib, ehtiyojmand talabalar bandligiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu orqali nazariya va amaliyot uzviyligini taʼminlash, sifatli mutaxassislar tayyorlash jarayonini jadallashtirish ishlari tizimli yoʻlga qoʻyilmoqda. Ayni paytda bu ustuvor vazifalar talabalar ijtimoiy-iqtisodiy farovonligiga xizmat qiladigan muhim maqsadlar sirasiga kiradi.