Markazda davolanuvchi nogironligi bor bemorlar uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Palatalar televizor, sovitkich, issiq va sovuq suv bilan taʼminlangan. Eng asosiysi, markazda 99 turdagi soʻnggi rusmdagi zamanoviy tibbiy asbob-uskunalar mavjud boʻlib, umurtqa grijasi kabi murakkab kasalliklar samarali davolanib kelinmoqda. Markazda bemorlar ozon vositasida, zamonaviy lazeroterapiya uskunalari bilan davolanib kelinmoqda.

Markazda transkraneal magnit stimulyatori vositasida miyaning jarohatlangan hujayralarini qayta tiklash, “Hitop-2 touch 027-0010” uskunasi vositasida bugʻinlarning harakat tizimi faolligini kuchaytirish bilan bogʻliq amaliyotlar qoʻllanilmoqda.

Insultdan keyingi holatdagi bemorlarni davolashda “Motomed 652519-Naissler” uskunasidan foydalanilmoqda. U mushaklarning tonusini va kuchini oshirish, jismoniy yuklamalarga chidamlilikni orttirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, girudoterapiya, fitoterapiya, parafin, elektrofarez, UVT singari tibbiy uskunalar bemorlar xizmatida.

Markazda 19 nafar oliy maʼlumotli shifokor hamda 25 nafar oʻrta boʻgʻindagi hamshira faoliyat yuritmoqda. Joriy yilning olti oyi davomida 848 ta nogironligi boʻlgan bemor davolanib chiqqan. Shuningdek, markazda pullik xizmat yoʻlga quyilgan boʻlib, 1113 nafar bemordan 852 million 733 ming soʻm mablagʻ kelib tushgan. Kelib tushgan mablagʻlar markazning moddiy-texnik bazasini mustaqkamlash uchun sarflanadi, albatta.

Shu bilan birga, markazda protez mahsulotarini tayyorlab beruvchi korxona va reabilitatsiya texnik buyumlarini ijaraga beruvchi punkt xizmat koʻrsatmoqda. Ijara punktidan muhtojlarga hassa tayoq, eshitish apparati va aravachalar shartnoma asosida ijaraga beriladi. Markazda yaratilgan bunday sharoitlar bu yerga kelib davolanayotgan bemorlarni mamnut etmoqda.

Minajatdin QUTLIMURATOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri