Sifatsiz skuter, buzuq aravacha yangisiga almashtirib berildimi?

    Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga murojaat yoʻllagan Otabek Abdullayev Jarqoʻrgʻon tumanida joylashgan “In Mart” doʻkonidan 11 400 000 soʻmga skuter xarid qilgan.

    Biroq skuter sifatsiz chiqib, isteʼmochi undan foydalana olmagan. U bundan norzi boʻlib, Jarqoʻrgʻon tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.

    Jamiyat xodimlari murojaatni oʻrganish jarayonida skuter akkumulyatori nosozligi aniqlandi. Isteʼmolchining murojaati asosli deb topilib, akkumulyator yangisiga almashtirib berildi.

    Yana bir isteʼmolchi Irina Damkratova ham federatsiyaga murojaat qilib, Oʻrikzor buyum bozoridan 1 700 000 soʻmga bolalar aravachisini sotib olganini, biroq aravacha sifatsiz chiqqanini maʼlum qilgan.

    Uchtepa tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari ushbu holatni koʻrib chiqqanda aravacha chindan ham ishlatishga yaroqsizligi maʼlum boʻldi. “Baby-bravo” MCHJ isteʼmolchiga aravacha uchun toʻlagan 1 700 000 soʻmini qaytardi, deyiladi federatsiya axborot xizmati xabarida.