Chunki hozir Yer yuzida yashovchi 8 milliard odamning 1 milliard nafardan ziyodi — tamaki isteʼmol qiluvchilar. Ular chekayotgan yillik sigaret miqdori 5 trillion donadan ortadi.
Aslida bu — kamayish tendensiyasi. Chunki 2000-yilda oʻn besh va undan katta yoshdagi dunyo aholisining uchdan bir qismi chekuvchi qatlamni tashkil etgan. Hukumatlar tomonidan koʻrilgan cheklov choralari, tamaki mahsulotlariga joriy etilgan yuqori soliqlar tufayli mazkur koʻrsatkich beshdan bir qismga ozaydi.
Ammo hozirgi statistika ham oʻta xavotirli. JSST maʼlumotlariga koʻra, ayni paytda eng koʻp chekuvchilar Xitoyda yashaydi: 1,4 milliard odamdan deyarli 300 million nafari tamaki mahsulotlari isteʼmol qiladi.
Aholi soniga nisbatan chekuvchilar ulushi borasida eng yuqori foizga ega mamlakat Indoneziyadir. Bu yerda 15 va undan katta yoshdagilarning 62,7 foizi tamaki tutuniga tutqin insonlar. Umuman, bugun jahon boʻylab chekuvchilarning 80 foizi past va oʻrta daromadli davlatlar hissasiga toʻgʻri kelmoqda.
Vaholanki, kashandalik oldini olish mumkin boʻlgan oʻlim holatlarining birinchi sababi. Dunyoda har 4 soniyada bir kishi chekish oqibatida hayotdan koʻz yummoqda.
“Nature” ilmiy nashrida chop etilgan tadqiqotda yozilishicha, XX asrda 100 millionga yaqin odam bu illat qurboniga aylangan. Mazkur raqamlar oʻsha mudhish Ikkinchi Jahon urushi paytida vafot etganlar sonidan ham birmuncha ziyod.
XXI asrning birinchi yarmida chekish tufayli yana 450 million odam oʻlishi taxmin qilinyapti. Buning eng keng tarqalgan sabablari saraton, yurak xuruji, insult va surunkali obstruktiv oʻpka kasalliklaridir.
Qolaversa, sigaretning atrof-muhitga ham ziyoni katta. Ularni ishlab chiqarish va isteʼmol qilish yiliga 84 million tonna karbonat angidrid (CO2) hosil boʻlishiga olib keladi.
Bundan tashqari, har yili 1 million tonnaga yaqin sigaret qoldiqlari tashlab yuboriladi va ularning filtrlari biologik parchalanmaydi. Shuningdek, tamaki yetishtirish yiliga 22 milliard tonna suv sarfiga, sigaret ishlab chiqarish esa 25 million tonna chiqindi hosil qilinishiga sabab boʻladi.
Shu bois, dunyo afkor ommasi bu illatdan xalos boʻlishning eng oqilona yoʻli bitta, degan xulosada. Chekishni tashlash!