Kolbasa mahsulotlari xushtaʼm boʻlgani uchun koʻpchilik suyib isteʼmol qiladi. Ayniqsa, bolalar bu mahsulotni juda ham yaxshi koʻrishadi. Biz, kattalar ham kolbasa mahsulotlari haqidagi turli xil fikrlarni eshitsak-da, baʼzan shoshibmi yoki erinibmi osongina kolbasa qovurib qoʻyishni maʼqul topamiz.

Maʼlumot uchun aytish joizki, kolbasa ham kanserogen mahsulotlar sirasiga kirar ekan. Bu haqda rossiyalik onkolog Aleksandr Seryakov maʼlum qildi. Uning aytishicha, ushbu mahsulotlar saraton kasalligini qoʻzgʻatishi mumkin.

Shuningdek, onkolog kanserogen moddalar qatoriga sigaretlargina emas, dudlangan kolbasalar ham kirishini taʼkidlagan. Tashvishlanarlisi, bu ikki mahsulotning zarari taxminan bir xil, baʼzida kolbasa chekilgan sigaretadan ham xavfli boʻlishi mumkin.

Zero, 50 g kolbasada butun sigaret qutisidagi kabi koʻplab kanserogen moddalar mavjud ekan.

Demak, odam har kuni kamida 50 gramm xom kolbasa va boshqa kanserogen mahsulotlarni isteʼmol qilsa, unda yoʻgʻon ichak saratoni xavfi 18 foizga oshadi.