Silk Avia oʻzining ilk koʻrgazmali parvozini amalga oshirdi

    Samarqandga yetib kelgan samolyot anʼanaviy tarzda suv arkasi bilan, ekipaj aʼzolari esa karnay va surnay sadolari ostida gullar bilan kutib olindi.

    24-aprel kuni Silk Avia aviakompaniyasi Toshkent-Samarqand-Toshkent yoʻnalishi boʻyicha “ATR 72-600” samolyoti bortida oʻzining ilk, tarixiy koʻrgazmali parvozini amalga oshirdi.

    “Mintaqaviy aviakompaniya Oʻzbekistonda nafaqat aeroportlar tarmogʻini rivojlantirish, balki turizmni rivojlantirish va ishbilarmonlik faolligini ragʻbatlantirish boʻyicha katta mexanizmning asosiy qismi hisoblanadi.

    Bu ulkan mexanizmni harakatlanishiga imkon beruvchi muhim kichik tafsilot. U hududlarni bir-biriga bogʻlash, yoʻlovchilarni A nuqtadan B nuqtaga oʻz vaqtida, tez va arzon yetkazib berish funksiyalarini oʻz zimmasiga oladi. Buni, masalan, Toshkentdan Urganchga uchib, yoʻlda Samarqand yoki Buxoroda toʻxtab, yoʻlovchilarni qoldirib, olib ketuvchi havo taksisi deb atash mumkin.

    Biz Oʻzbekistonni bogʻlovchi aviakompaniyani yaratdik, bu bilan masofalar qisqaradi, odamlar esa yaqinroq boʻladi”, — dedi Uzbekistan Airports rahbari.

    Toshkent aeroportida Oʻzbekiston va uning marvarid shaharlariga bagʻishlangan xitlar yangradi. Tantanali marosimdan soʻng mehmonlar va ommaviy axborot vositalari vakillari Toshkent – Samarqand yoʻnalishi boʻyicha US-131 koʻrgazmali reysiga yoʻl olishdi.

    Samarqandga yetib kelgan samolyot anʼanaviy tarzda suv arkasi bilan, ekipaj aʼzolari esa karnay va surnay sadolari ostida gullar bilan kutib olindi. Terminalda mehmonlarni bayramona osh kutib turardi. Mehmondorchilikdan soʻng reys yoʻlovchilari US-132 reysi bilan Toshkentga joʻnab ketishdi.

    Eslatib oʻtamiz, 20-aprel kuni havo operatori sertifikatini oldi va toʻrt kun davomida ATR instruktorlari tomonidan aviakompaniya ekipajlarini ishga tushirish uchun texnik parvozlarni amalga oshirdi. 25-apreldan boshlab aviakompaniya www.silk-avia.com veb-saytida joylashgan tasdiqlangan jadvalga muvofiq muntazam qatnovlarni boshlaydi.