Silk Avia o‘zining o‘quv markazini yaratadi

    O‘zbekistonning birinchi mintaqaviy aviakompaniyasi Silk Avia va ATR konserni Parij-Le-Burje xalqaro aviakosmik ko‘rgazma doirasida bir qator masalalar bo‘yicha kelishuvga erishdi.

    Xususan, kompaniyalar O‘zbekistonda o‘quv markazi tashkil etish va ATR samolyotlariga asosiy texnik xizmat ko‘rsatish masalasini o‘rganishga kirishdi. Tomonlar, shuningdek, Silk Avia parkini yana uchta ATR72-600 va ikkita kichikroq (50 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan) ATR42-600 samolyotlari bilan to‘ldirishga kelishib oldilar.

    Bundan tashqari, Parij aviako‘rgazmasi doirasida aviakompaniya Nordic Aviation Capital (Irlandiya) lizing kompaniyasi bilan ikkita ATR72-600 samolyotini operativ lizingga olish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Samolyotlar Toshkentga Tuluzadagi (Fransiya) ATR zavodidan 2023 yilning oktyabr va noyabr oylarida yetib kelishi kutilmoqda.

    Eslatib o‘tamiz, Silk Avia 25 aprel kuni O‘zbekiston shaharlariga muntazam reyslarni yo‘lga qo‘ygan va birinchi oyda 12 mingga yaqin yo‘lovchini tashigan edi. Hozirda aviakompaniya uchta ATR72-600 samolyotidan foydalanmoqda.