Tadbirkorlar orasida halol raqobat muhim sanaladi. Axir buning zamirida iste'molchi ishonchi yotadi. Faraz qiling: siz bir do'konga kirib, o'zingiz ishonch bildirgan mahsulotni harid qildingiz. Ammo mahsulotdan foydalanganingizda u siz bilgan firma mahsuloti emas, balki nomi o'zlashtirilgan va boshqa tadbirkorning intellektual mulk huquqlari buzilib, ishlab chiqarilgan kontrafakt mahsulot bo'lib chiqadi.
Iste'molchi mahsulot qadog'i va nomiga “yaxshilab” e'tibor qaratmagani tufayli nohalol raqobat o'ljasiga aylanadi va ko'ngli to'lmagan mahsulot bo'yicha asl firma ustidan shikoyat qiladi. Keyinchalik aniqlanishicha, mahsulot boshqa firma tomonidan ishlab chiqarilgan bo'ladi. Bu kabi holatlarga har kuni bo'lmasa ham kunora duch kelasiz.
SHunday holatlardan biri mashhur “Silk” tovar belgisi bilan ham sodir bo'ldi, deb xabar berdi Intellektual mulk agentligi axborot xizmati.
Birlashgan Arab Amirliklarining mazkur tovar belgisiga egalik qiluvchi “Silk Route Beauty products” kompaniyasi nohalol raqobat orqali kompaniyaning ko'p yillik tajribasi va nufuziga putur etishi bilan bog'liq holatlarning oldini olish maqsadida Adliya vazirligi huzuridagi apellyatsiya kengashiga 2013 yilda tovar belgisiga bo'lgan huquqni shartnoma asosida qo'lga kiritgan “Rose Diamond” xususiy korxonasining № MGU 15169 sonli guvohnomasini bekor qilish bo'yicha murojaat qildi.
Haqiqatan ham bozor rastalarini kuzatsangiz, qadog'i bir xil bo'lgan ikki mahsulotni uchratasiz. Biroq atirsovunlarni qadog'idan chiqarib solishtirsangiz, rangi, hidi hamda kimyoviy qo'shimchalari bilan bir-biridan tubdan farq qilishiga amin bo'lasiz.
SHuningdek, mahsulot qadog'idagi ishlab chiqaruvchi haqidagi ma'lumotlarda ham yaqqol ko'rinadi: biri Toshkent viloyatida tayyorlangan bo'lsa, ikkinchisi Dubay hamda kompaniyaning Samarqand shahrida ochilgan korxonasida ishlab chiqarilgan.
Apellyatsiya ishida ma'lum bo'ldiki, aslida “Silk” tovar belgisi 1999 yilda “Silk Route Beauty products” kompaniyasi buyurtmasiga ko'ra, “Response Advertising L.L.C. P.O. Dubai” dizaynerlik firmasi tomonidan yaratilgan.
“Silk Route Beauty products” kompaniyasining O'zbekistondagi vakolatxonasi vakili ta'kidlaganidek, “Silk” brendini huquqiy muhofaza qilish maqsadida kompaniya 1999 yili BAAda, 2003 yili AQSHda, 2004 yili Hindiston, Avstraliya, Bangladesh, Janubiy Afrika, Keniya va 2005 yili Suriyada tovar belgisini ro'yxatdan o'tkazgan.
“Silk Route Beauty products” kompaniyasi 2003 yildan O'zbekistonga atirsovun etkaza boshlagan. 2009 yilgacha kompaniya 236 183,34 AQSH dollari qiymatidagi 700 tonna mahsulot etkazgan. Bu esa “Silk” tovar belgisi ostidagi mahsulotga talab yuqoriligini anglatadi. Bundan tashqari, kompaniya ishlab chiqarish hajmini oshirish maqsadida Samarqand viloyatida atirsovun ishlab chiqarish uchun zavod qurib, yangi ish o'rinlari yaratgan.
eshituv natijasiga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 fevraldagi “Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori hamda O'zbekiston Respublikasi “Tovar belgilari, xizmat ko'rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to'g'risida”gi qonunning 10-moddasi 14-bandiga asosan da'vogarning apellyatsiya arizasi talablari qanoatlantirildi hamda №MGU 15169-sonli guvohnoma haqiqiy emas deb topildi.
SHu birgina qonuniy qaror qabul qilinishi orqali nohalol raqobatga chek qo'yildi. Tadbirkor manfaatlari tiklanishi va yurtimizda qonuniy faoliyat yuritishiga, korxonaning ishlab chiqarishni kengaytirishiga, investitsiyalarning kirib kelishiga yo'l ochildi.