Xususan, CPG Corporation bosh direktori Vinsent Lo bilan muzokaralar chogʻida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan yangi loyihalarga Singapurning toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoyasini jalb etishga yoʻnaltirilgan qoʻshma investitsiya kompaniyasini tashkil etish imkoniyatlari muhokama etildi.
Yigʻilish kun tartibidan Oʻzbekistonda biofarmatsevtika korxonasini tashkil etish, zamonaviy koʻp tarmoqli klinika qurish, Singapurning ilgʻor taʼlim usullaridan foydalangan holda xususiy maktablar ochish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish istiqbollari atroflicha muhokama etildi. Tomonlar, mazkur loyihalarni amalga oshirishning bosqichma-bosqich mexanizmlari, aniq muddatlari va masʼul ijrochilarni oʻz ichiga olgan Qoʻshma “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishni jadallashtirishga kelishib oldilar.
“Oceanus Group” kompaniyasi bosh direktori Piter Ko bilan uchrashuvda mamlakatimizda xorijiy investorlarning qulay faoliyat yuritishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar yuksak baholandi.
Oceanus Group oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotish, shuningdek, logistika xizmatlarini koʻrsatishga ixtisoslashgan. Shu nuqtayi nazardan, tomonlar Oʻzbekistondan Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga eksportga yoʻnaltirilgan mahsulotlarni yetkazib berishni tashkil etish, shuningdek, Singapur, Xitoy va ASEAN mintaqasi bozorlariga mahalliy oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini olib chiqishga xizmat qiladigan qoʻshma eksport kompaniyasini tashkil etish istiqbollarini koʻrib chiqdilar. Bundan tashqari, Oʻzbekistonda oziq-ovqat mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarishni tashkil etish va uni uchinchi davlatlarga eksport qilish uchun Singapurning yetakchi kompaniyalarini jalb etish imkoniyatlari muhokama etildi.
Xuddi shunday konstruktiv ruhda Singapurning yetakchi taʼlim muassasalaridan biri TMC Akademiyasi bosh direktori Li Chin Veng bilan ham muzokaralar olib borildi.
Tomonlar oliy taʼlim sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalariga eʼtibor qaratdilar. Xususan, Oʻzbekistonda ikkita yangi universitet kampusini tashkil etish, shuningdek, respublika hududlarida taʼlim muassasalari tarmogʻini kengaytirish va axborot, moliyaviy, blokcheyn texnologiyalari va kiberxavfsizlik kabi dolzarb yoʻnalishlarni qamrab oluvchi yangi taʼlim dasturlarini Oʻzbekistonda joriy etish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.