Suvga boʻlgan talab va ehtiyoj har qachongidan tobora ortib borayotgan, butun dunyoda suv tanqisligi kuzatilayotgan hozirgi vaziyatda mamlakatimizda ham suv resurslaridan foydalanish tubdan isloh qilinayotganini qayd etgan viloyat hokimi, sohaga innovatsion texnologiyalarni jalb etishni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Fargʻona viloyati irrigatsion tizimlarini yangilashda ishtirok etishga tayyor ekanliklarini bildirgan Exciton Systems kompaniyasi vakillari, ular taklif etayotgan texnologiyalar suvning hisobini yuritish, suv hajmini monitoring qilish, tahliliy maʼlumotlar jamlash bilan birga, qishloq xoʻjaligi uchun yangi boʻlgan bashoratlash tizimini ham oʻz ichiga olishini bildirishdi. Kompaniya oʻz texnologiyalarini joriy etish jarayonini moliyalashtirishga ham tayyor ekanligi maʼlum qilindi.
Taklif etilayotgan texnologiyalar joriy etilgan mamlakatlarda ularning samaradorligi darajasini joyida oʻrganish uchun viloyat hokimligi vakillarini tashrifini tashkillashga kelishib olindi. Oʻrganish natijalariga koʻra, hamkorlik boʻyicha muzokaralar davom ettiriladigan boʻldi.