Endi Singapurga keluvchi barcha kishilar, jumladan, xorijliklar 2 haftalik karantinda qolish vaqtida maxsus elektron bilakuzuklar taqishga majbur boʻladi. Singapur taʼlim va inson resurslari vazirliklari hamda immigratsiya va nazorat boshqarmasining qoʻshma bayonotida bu haqda aytib oʻtilgan.

Ushbu talab 10-avgust soat 23:59dan kuchga kirib, mamlakat fuqarolari va xorijlik ishchilar hamda ularning oilalari aʼzolariga taalluqli boʻladi. 12 yoshgacha boʻlgan bolalar mazkur talabga amal qilmasliklari mumkin.

Ushbu monitoring tizimlari mamlakatga kirish vaqtida berilib, karantindagi kishi oʻzi yashaydigan joyni tark etmoqchi boʻlsa, qurilma bu haqida rasmiy idoralarga maʼlum qiladi. Qoidabuzarlar 10 ming Singapur dollari (7,2 ming dollar) miqdoridagi jarima va/yoki 6 oygacha ozodlikdan mahrum qilinish bilan jazolanishi mumkin, xorijliklar esa deportatsiya qilinadi.

Shu bilan birga, 15-iyundan hukumat Avstraliya, Bruney, Xitoy, Yangi Zelandiya, Janubiy Koreya va Yaponiyadan kelganlarga maxsus markazlarda 2 haftalik izolyatsiyadan oʻtish talabini bekor qilgan.