Xabarda aytilishicha, 2025-yil 1-sentabrdan boshlab Singapurda tamaki mahsulotlarini qizdiruvchi qurilmalar (IQOS va boshqalar) hamda elektron sigaretalar (veyplar), ayniqsa, “K-pods” turidagi va tarkibida etomidat mavjud boʻlgan veyplarga qarshi yanada qatʼiy qonunchilik choralari kuchga kirdi.
Elektron sigaretalar va tamakini qizdiruvchi qurilmalar Singapurda veyplar va shunga oʻxshash qurilmalarni olib kirish, sotish, saqlash va foydalanish mutlaqo taqiqlanadi.
Ularni saqlash yoki chekish uchun – 2 000 singapur dollarigacha jarima, sotish yoki olib kirish uchun – 10 000 singapur dollarigacha jarima va/yoki 6 oygacha qamoq (takroriy hollarda – 20 000 singapur dollarigacha va/yoki 12 oygacha qamoq) jazosi belgilangan.
Mazkur qonunbuzarlikni takror qilgan shaxslar majburiy reabilitatsiya va keyinchalik jinoiy javobgarlikka tortilish mumkin.
Shuningdek, “K-pods” turidagi veyplar giyohvand moddalar bilan bogʻliq qurilma sifatida baholanadi, etomidat esa rasmiy ravishda S sinfdagi giyohvandlik moddalar roʻyxatiga kiritilgan.
Saqlash yoki isteʼmol qilish uchun – majburiy kuzatuv va reabilitatsiya dasturi, takroriy hollarda jinoiy javobgarlik belgilangan.
Kontrabanda uchun – 3-yildan — 20-yilgacha qamoq va 5 tadan 15 tagacha qamchin jazosi.
Sotish va tarqatish uchun – 2-yildan — 10-yilgacha qamoq va 2 tadan 5 tagacha qamchin jazosi.
Mazkur qonun Singapur fuqarolariga ham, xorijliklarga ham, shu jumladan, talabalar va ishchi viza egalariga ham birdek tatbiq etiladi.
Qonunbuzilishi:
- ozodlikdan mahrum etish;
- katta miqdordagi jarimalar;
- deportatsiya va mamlakatga qayta kirish huquqidan mahrum etish.
Oʻzbekiston fuqarolariga elektron sigaretalar yoki shunga oʻxshash qurilmalarni Singapurga olib kirish va ulardan foydalanishdan qatʼiy ravishda voz kechish tavsiya etildi. Qonun-qoidalarga rioya qilish – bu mamlakatda xavfsiz va osuda boʻlib turishingizning kafolatidir.