Singapurlik sayyohlar uchun Oʻzbekistonga toʻgʻridan-toʻgʻri charter reyslar tashkil etiladi

    Oʻzbekistonga toʻqqiz kunlik tur doirasida kelgan sayyohlar Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi koʻhna shaharlarga tashrif buyuradi.

    Singapurning yetakchi turoperatorlaridan biri – “Chan Brothers Travel” kompaniyasi joriy yilning dekabr oyida Singapurdan Oʻzbekistonga toʻgʻridan-toʻgʻri charter parvozlar yordamida mamlakatimizga yuzlab turistlarni olib kelishni rejalashtirmoqda.

    Oʻzbekistonga toʻqqiz kunlik tur doirasida Singapur va Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi boshqa mamlakatlardan kelgan sayyohlar Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi koʻhna shaharlarga tashrif buyurib, diyorimiz tarixi va madaniyati, goʻzal tabiati va betakror meʼmoriy yodgorliklari, shuningdek, xalqimizning urf-odatlari, milliy taomlari bilan tanishadilar.

    Charter parvozlarni targʻibot qilish maqsadida “Chan Brothers Travel” Oʻzbekistonga bagʻishlangan maxsus marketing kampaniyasini yoʻlga qoʻyish, Singapurda oʻtkaziladigan turistik koʻrgazmalarda Oʻzbekiston turizm salohiyatiga bagʻishlangan tadbirlarni uyushtirish, Singapurning xitoy va malay tillardagi ommabop radiostansiyalarning mashhur boshlovchilarining sayohatchilar bilan birga Oʻzbekistonga yuborishni rejalashtirmoqda.

    Mazkur tashabbus Singapurdan Oʻzbekistonga sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qiladi va ikki davlat oʻrtasidagi turizm sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi.