“Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatining xabar berishicha, “Uzbekistan GTL” zavodida sinov rejimidan toʻliq ish rejimiga oʻtish ishlari boshlangani sababli mahsulot ishlab chiqarish xajmlari bosqichma-bosqich ortmoqda.
Bugungi kunga qadar birja savdolari orqali isteʼmolchilarga 35,0 ming tonnadan ortiq sintetik dizel yonilgʻisi 1 tonnasi 15,5 mln soʻmdan 18,9 mln soʻmgacha sotildi va oʻz vaqtida yetkazib berildi.
Joriy yil iyun oyida bir kunda 800,0 tonna sintetik dizel ishlab chiqarilgan boʻlsa, sentyabr oyida ushbu koʻrsatkich 1 400,0 tonnagacha ortishi kutilmoqda. Ishlab chiqarish hajmlarini oshirish orqali mahsulot tannarxini kamaytirilishiga erishilmoqda.
“Uzbekistan GTL” zavodining asosiy maqsadlaridan biri boʻlgan respublika ichki isteʼmolchilariga yuqori sifatli dizel yonilgʻisini past narxlarda yetkazib berishni taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 31 yilligi bayrami arafasida joriy yil 29-avgustdan boshlab OʻzRTXB orqali sotuvga chiqariladigan sintetik dizel yonilgʻisini 1 tonnasi boshlangʻich narxi 14 504 378 soʻmgacha arzonlashtirilishi belgilandi.
Kelgusida zavod tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulot hajmlari ortishi natijasida ularning tannarxi va mos ravishda birja savdolariga qoʻyiladigan boshlangʻich narxlari ham bosqichma-bosqich pasayib borishiga erishiladi.