Birinchi bosqich sinov tariqasida Sirdaryo viloyatida amalga oshirilyapti. Ikkinchi bosqich 2023-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Samarqand, Navoiy, Surxondaryo va Fargʻona viloyatlari hamda Toshkent shahrida, uchinchi bosqich esa 2025-yildan butun mamlakat boʻylab tatbiq etilishi koʻzda tutilgan.

Xoʻsh, oʻtgan bir yil davomida Sirdaryo tajribasi qanchalik oʻzini oqladi?

— Avvalo, loyiha doirasida viloyatda yashovchi 852 mingdan ziyod aholining elektron reyestri shakllantirildi, — deydi Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi ijro etuvchi direktori Farrux Sharipov. 

— Bemorlar tashxisi, kasallik tarixi va muolaja holati haqidagi barcha maʼlumotlar elektron bazada jamlanmoqda. Bu esa xastaliklarni erta aniqlash va oldini olish, qolaversa, shifokorlar faoliyatini baholashda qoʻl kelyapti. 

Bu bemor uchun ham, shifokor uchun ham ancha qulay. Chunki elektron bazadan maʼlumotlar tez topiladi. Oldingi tashrif va tekshiruvlar natijalari bilan vrach bir necha daqiqa ichida toʻliq tanishishi mumkin. 

Vaholanki, tibbiy kartalarning qogʻoz shaklida bemorlar hamshiraning roʻyxatga olishi, kartalarni qidirib topishi va shifokor yozuvlarni koʻzdan kechirishini kutib, koʻp vaqt yoʻqotardi.

Davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etish jarayonida birlamchi tibbiyot muassasalarida shifokoroldi koʻrigi uchun belgilangan standartlarga mos xonalar tashkil etildi. 

Natijada bir bemorni koʻrish, tashxis qoʻyish, muolajalarni oʻtkazish uchun oilaviy shifokor avvalgidek oʻrtacha 5-6 daqiqa oʻrniga, 15-20 daqiqa vaqt ajratish imkoniyatiga ega boʻldi. 

Shifokoroldi koʻrik xonasida amaliyotchi hamshiralar bemorni mustaqil tekshirib, yuqumli boʻlmagan (yurak-qon tomir, qandli diabet, nafas olish organlari) kasalliklar xavfini baholashi uchun dastlabki skriningdan oʻtkazadi. 

Shikoyatlarini qayd etadi va zarur hollarda oilaviy shifokor qabuliga yoʻnaltiradi. Dastlabki koʻrik natijasida oilaviy shifokor qabul qiladigan bemorlar soni ortib, ularni tor soha mutaxassislariga yoʻnaltirish oʻrtacha 16 foizga kamaydi.

Eng muhimi, tibbiyot muassasasiga kelgan bemorlar endi navbat kutib turmaydi. Ular oldindan, oʻziga qulay vaqtda elektron navbatga yoziladi.
 
(Davomi bor!)