Ushbu safar davomida delegatsiya aʼzolari Vladivostok shahridagi «Dimir» mebel ishlab chiqarish korxonasida mehnat qilayotgan mamlakatimiz fuqarolarining ish sharoitlari bilan tanishganlari barobarida vatandoshlarimizni bezovta qilayotgan muammolar xususida ham fikr almashdilar. Sirdaryo viloyati hokimligi vakillari Amur viloyatining Blagoveshyensk shahridagi Amur gazni qayta ishlash zavodi qurilishi, Xabarovsk oʻlkasidagi «Master Plit Stroy» MCHJ va “Amur qurilish” kompaniyasi uchastkalarida ishlayotgan yurtdoshlarimiz bilan ham uchrashuv oʻtkazdilar.
Muloqot chogʻlarida mamlakatimizda roʻy berayotgan ijtimoiy-siyosiy oʻzgarishlar, xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizni qoʻllab-quvvatlash hamda xavfsiz mehnat migratsiyasini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha fikr yuritildi. Uchrashuvlar doirasida Oʻzbekiston Prezidentining “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” kitobining taqdimoti oʻtkazildi.
Vatandoshlarimizga Sirdaryo viloyati hokimligi nomidan Navroʻz munosabati bilan bayram sovgʻalari ham taqdim etildi.