Jurnalist va blogerlar dastlab viloyatdagi eng qadimiy goʻshalardan biri — “Koʻhna Xovos tepaligi” ziyoratgohiga borishdi. Ziyoratgoh tarixi va bu yerga tashrif buyuruvchilar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar boʻyicha “Saʼdu-Said” jome masjidi imom xatibi Roʻzibek Abdunabiyev maʼlumot berdi.

“Koʻhna Xovos tepaligi”da olib borilgan arxeologik tadqiqotlarga koʻra, tepalik 2500 yoshda ekanligi eʼtirof etilgan. Izlanishlar davomida bu yerdan 7 mingdan ziyod asori-atiqalar topilgan.

Shundan soʻng press-tur ishtirokchilari «Eko Grand fruits» MCHJ tomonidan Yangiyer shahrida — oʻn gektar maydonda barpo etilgan issiqxonani borib koʻrishdi. Mazkur issiqxonada 100 dan ziyod ish oʻrinlari yaratilgan. Tadbirkor Xolmat Gʻafurov qiymati 10 million AQSH dollarilik issiqxonani Turkiya texnologiyasiga asosan zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlagan. Majmuada bodring, pomidor yetishtirilib, yiliga 2 ming tonna mahsulot eksport qilinmoqda.

Press-tur doirasida jurnalist va blogerlar “Yangiyer erkin iqtisodiy zonasi”da boʻlishib, besh gektar maydonda barpo etilayotgan un mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonani borib koʻrishdi. Korxona ishga tushgach, bir mavsumda 19 ming tonna tayyor mahsulot eksport qilinadi. Mazkur korxona uchun «Yangiyer Flour treyding» MCHJ taʼsischisi, xorijiy investor Ameli Shafiq tomonidan 3,5 million AQSH dollarilik sarmoya kiritilib, 2,7 million AQSH dollari qiymatidagi asbob-uskunalar va zamonaviy jihozlar oʻrnatilgan. Korxona ishga tushishi bilan 50 nafar mahalliy fuqaroning bandligi taʼminlanadi.

Erkin iqtisodiy zona hududida faoliyat olib boruvchi «Sulpak kompyuters» MCHJ tadbirkor Xondamir Ibratov tomonidan tashkil etilgan. Korxona yiliga oʻrtacha 3 ming kvadrat metr akril va laminatdan 1235 komplekt mebel mahsulotlari ishlab chiqaradi. Mahsulotlar nafaqat ichki bozorga yetkazilyapti, balki xorijga ham eksport qilinmoqda. Joriy yilda birgina Tojikiston Respublikasiga 23 ming AQSH dollarilik mahsulot eksport qilingan.

Press-tur davomida Yangiyer sanatoriyasida dam oluvchilarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishildi. Sanatoriya nevrologik, kordiologik, ginekologik, urologik, shuningdek, tayanch-harakat tizimi, yurak-qon tomir va asab tizimlari kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan. Ushbu muassasa 2019-yilda toʻliq rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirilgan. Shuningdek, 250 oʻringa moʻljallangan yangi bino ham qurilgan. Sihatgohda ayni vaqtda 80 nafarga yaqin tibbiyot xodimlari faoliyat yuritayotgan boʻlsa, shundan 5 nafarini oliy toifali shifokorlar tashkil etadi.

Navbatdagi manzil Mirzaobod tumanida yaqinda ish boshlagan «Guliston gold yarn» MCHJga qarashli ip yigiruv korxonasi boʻldi. Mazkur korxona Shveysariyaning “RIETER” kompaniyasi bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatib, loyihaning birinchi bosqichida yarim tayyor mahsulot ishlab chiqarishga moʻljallangan yangi, zamonaviy ip yigiruv uskunalarini sotib oldi. Hozirda 600 dan ortiq ishchi kuchi bilan 3 turdagi kalava ip ishlab chiqarilmoqda. Qiymati 35 million AQSH dollari boʻlgan mazkur loyiha toʻliq ishga tushirilishi bilan bu yerda marli toʻqish va toʻquv mahsulotlarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilib, tikuvchilik sexi tashkil etiladi. Bu esa yana yangi ish oʻrinlari va daromad deganidir.

Press-tur davomida OAV xodimlari Guliston shahridagi «Omon med farm» MCHJning farmatsevtika korxonasi faoliyati bilan ham tanishishdi. Loyiha qiymati 9 million AQSH dollari boʻlgan korxona shu yilning sentyabr oyida ish boshlagan. Xitoyning “Beijing Global Wealth Co.Ltd” kompaniyasidan 5,5 million AQSH dollarlik asbob-uskunalarda turli antibiotiklar, tabletkalar, ampulali va infuzion dori vositalari, mazlar tayyorlanadi. Yiliga 2 million 372 mingdan ziyod qadoq mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega korxonada 100 nafar fuqaroning bandligi taʼminlangan. Foydalaniladigan xomashyoning 40 foizi mahalliy yetishtiriladigan hamda tabiiy ravishda oʻsadigan har xil turdagi dorivor oʻsimliklardir. Xomashyoning qolgan qismi Xitoy va Janubiy Koreyadan keltiriladi.

Press-tur ishtirokchilari “Guliston tibbiyot klasteri”ning dastlabki bosqichi boʻyicha qilinayotgan ishlar bilan tanishdilar. Aytish joizki, mazkur tibbiyot klasteri Prezidentimizning “Sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Sirdaryo viloyatida sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirishning yangi modeli – Guliston tibbiyot klasterini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq viloyatda tajriba sinov tariqasida joriy etilgan.

Bugungi kunda klasterning biznes-rejasi toʻliq ishlab chiqilib, keng koʻlamli ishlar boshlab yuborilgan. Loyiha nihoyasiga yetkazilgach, viloyatdagi 6 ta tibbiyot muassasa, yaʼni, viloyat koʻz kasalliklari, urush va mehnat faxriylari shifoxonalari, viloyat endokrinologiya dispanseri, viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo filiali hamda viloyat diagnostika markazi “Guliston” tibbiyot klasteri tarkibiga oʻtkaziladi va ular bir joyda, yagona boshqaruv asosida faoliyatini boshlaydi. Ayni paytda hududda gematologiya, gastroenterologiya, pulmonologiya, nevrologiya, revmatologiya boʻlimlari uchun 100 oʻrinli bino yangitdan qurilmoqda.

Shahzod Gʻafforov,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri