Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, viloyat ichki ishlar boshqarmasi, “Oʻzenergoinspeksiya” hamda “Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda noqonuniy mayning ferma faoliyatiga chek qoʻyildi.
Xususan, Sirdaryo tumanidagi chorvachilikka ixtisoslashgan masʼuliyati cheklangan jamiyat binosida xorijdan keltirilgan jami 107 dona “INNOSILICON T3”, “Whatsminer M21S” va “ANTMINER S9 BITMAIN” qurilmalaridan foydalanib, kriptovalyuta ishlab chiqarish bilan shugʻullanilgan.
Aniqlanishicha, ushbu maqsadda 2022-yilning aprel oyidan 2024-yilning mart oyiga qadar MCHJga qarashli elektr hisoblagichning ikkilamchi zanjirini vaqti-vaqti bilan uzib, haqiqatda oqib oʻtayotgan quvvatni yashirish orqali hisoblagich koʻrsatkichini sunʼiy kamaytirish yoʻli bilan elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilishi natijasida davlat manfaatlariga 34 mlrd. 367 mln. soʻm miqdorida zarar yetkazilgan.
Agarda MCHJ rahbarlari tomonidan talon-toroj qilingan 39,3 mln. kVt elektr energiyasidan oqilona foydalanilganida, viloyatning Boyovut, Sardoba, Oqoltin va Guliston tumanlari aholisining bir oylik ehtiyojini qoplash mumkin edi.
Hozirda MCHJning mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.