Mazkur biznes akseleratorni ishga tushirish yoʻlida 6 milliard 50 million soʻm mablagʻ sarf qilindi. Muassasaning asosiy vazifasi tadbirkorlik subyektlariga oʻz biznesini yuritishda yaqindan yordam berish, ilgʻor axborot, innovatsion va pedagogik texnologiyalar yordamida tadbirkorlik kurslarini tashkil etishdir. Markazda bir vaqtning oʻzida 250 nafar tinglovchini tadbirkorlikka oʻqitish mumkin.
Bu yerda yoshlar sartaroshlik, oshpazlik, qandolatchilik, tikuvchilik, kompyuter savodxonligi, elektro-gaz payvandlash, issiqxona xoʻjaligini yuritish, avtotex xizmat, tele va radio ustasi yoʻnalishlarida kasb egalari boʻlishlari, shuningdek, ingliz, rus, yapon hamda koreys tili kurslarida oʻqishlari mumkin.
Ushbu kurslar yoʻnalishiga qarab 1 oydan 3 oygacha davom etadi.
Yaqin kunlarda biznes akseleratorning tantanali ochilish marosimi oʻtkazilishi kutilmoqda.
Viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev bugun mazkur markazga tashrif buyurdi va tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdi. “Yaxshi biznesni yoʻlga qoʻyish oson ish emas. Ayniqsa, koʻp pul yoki zarur malaka boʻlmasa. Lekin bu degani palonchining oʻgʻli katta biznes qilmasin, u buni eplolmaydi degani emas. Yosh ishbilarmonlarga mana shu kabi biznes-akseleratorlar yordam qoʻlini choʻzadi“, – dedi viloyat hokimi jarayonlar bilan tanishish chogʻida.
Shuningdek, Gʻofurjon Mirzayev tomonidan markazga asosan “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga roʻyhatga olingan fuqarolarni qamrab olish, ularni bandligini taminlashni tuman sektor rahbarlari oldiga asosiy vazifa qilib qoʻyldi.
Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmati