Unga koʻra Sirdaryo viloyati IIB YHXB YPX inspektori safdor B.Bobojonov 2020-yil 7-oktyabr kuni soat 15:40 larda Sirdaryo tumani hududidan oʻtgan M-34 avtomobil yoʻlining 90 kilometrida xizmat olib borayotgan vaqtida tovush kuchaytirgich (sirena) moslamasini yoqib kelganlikda gumonlanib Lasetti rusumli transport vositasini toʻxtatadi.

Shu payt haydovchi va YPX inspektori oʻrtasida kelishmovchilik kelib chiqib, holatga haydovchining yaqinlari ham aralashadi va shaxsiy uyali aloqa vositasi yordamida tasvirga olishadi. Videoda safdor B.Bobojonov yigitlarning oʻzini tasvirga olishiga qarshilik qilib, uyali telefonlarini olib qoʻyganligi aks etgan.

Oʻzbekiston Respublikasi IIV YHXBB Axborot xizmati xabariga koʻra, mazkur holat yuzasidan oʻtkazilgan xizmat tekshiruvida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-dekabrdagi 975-son qarori bilan tasdiqlangan “Yoʻl-patrul xizmati xodimlarining yoʻl harakati qatnashchilari bilan oʻzaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi toʻgʻrisida”gi nizom hamda IIVning ayrim meʼyoriy buyruq talablarini buzganligi uchun Sirdaryo viloyati IIB YHXB YPXO YPX inspektori B.Bobojanov egallab turgan lavozimidan ozod etilishi boʻyicha xulosa qabul qilindi.