Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va Davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasi tashabbusi bilan Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasida joriy etilayotgan davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasi mexanizmlarini yoʻlga qoʻyilishiga bogʻliq masalalar yuzasidan davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Oʻtkazilgan davra suhbatida Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining birlamchi tibbiy sanitariya yordami boʻyicha Yevropa ofisining Qozogʻistondagi texnik xodimi Arnoldas Jurgutis, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Portugaliyadagi konsultanti Aleksandre Lourenko, Sogʻliqni saqlash siyosati boʻyicha maslahatchi, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Oʻzbekiston ofisi rahbari Kristofer Fispatrik, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Oʻzbekistondagi ofisi milliy xodimi Yelena Soy, tibbiy kadrlar va xizmatlarni tashkil qilish, hududiy maslahatchisi Tomas Zapata boshchiligidagi ekspert komissiyasi hamda Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi direktorining birinchi oʻrinbosari Zohid Ermatov, Davlat tibbiy sugʻurtasi uslubiy boʻlim boshligʻi Umida Gazeva, Iqtisodiy tahlil va moliyalashtirish boʻlimi boshligʻi Botir Nurmatov, Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Rustam Yuldashev va boshqa mutaxassislar ishtirok etdi.

Ular Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi tizimidagi tibbiyot muassasalarida tajriba-sinov loyihasi doirasida joriy etilayotgan davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari bilan bogʻliq ishlarni tahlil qildi. Va bu borada erishilgan yutuqlarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimida joriy etish bilan bogʻliq masalalarni muhokama qildi.

Uchrashuvda xalqaro ekspertlar mazkur mexanizm toʻla — toʻkis Sirdaryoga joriy qilingandan soʻng, uning ikkinchi bosqich ishlari 2023-yilda Qoraqalpogʻistonda, Samarqand, Navoiy, Surxondaryo va Fargʻona viloyatlari va Toshkent shahrida boshlab yuborilishi va 2025-yildan boshlab butun mamlakat boʻylab joriy etilishini yana bir bor taʼkidladi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati.