Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning ichki xavfsizlikni taʼminlash boʻlimining bildirgisiga asosan Shirin shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro Sh.X. boshqa bir fuqaro A.ga oʻzini “Departament xodimi” deb tanishtirib, unga 1 000 AQSH dollari evaziga tanishlari orqali shahar hududidan bekat doʻkon qurish uchun yer ajratilishida yordam berishni vaʼda qilib, oldindan 500 AQSH dollarini firibgarlik yoʻli bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Hurmatli fuqarolar! Agarda Siz, yuqoridagi kabi oʻzini yoki yaqin qarindoshlarini huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ishlashini aytib, Sizning ishlaringizni qandaydir moddiy manfaatdorlik evaziga hal qilib berishni vaʼda qilayotgan shaxslarga uchrasangiz, Departamentning ichki xavfsizlikni taʼminlash boʻlimiga murojaat qilishingizni soʻrab qolamiz.