Furqat Toshmatov olgan suratlar

200 oʻringa moʻljallangan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaz Sirdaryo filiali 2001-yilda tashkil etilgan boʻlib, viloyatdagi eng katta tibbiyot muassasalaridan biri hisoblanadi.

17 ta boʻlimdan iborat mazkur tibbiyot muassasasining Guliston shahridagi 11 ta tez tibbiy yordam boʻlimlari va uning 54 ta shoxobchalari tomonidan aholiga xizmat koʻrsatib kelinmoqda.

Ilmiy markaz viloyat filiali binosini 2019-2021-yilgi investitsiya dasturiga tushirilgani, bu yumushlarni bajarilishi uchun 21 milliard soʻm byudjet mablagʻini ajratilishi, rekonstruksiya qilish ishlari ikki bosqichda amalga oshirilgani tibbiy xizmat koʻrsatish tizimi yutuqlarining bosh omili boʻldi.

Ushbu muassasaning birinchi bosqichi uchun, oʻtgan 2019-yilda 9 milliard soʻm mablagʻ ajratilgandi. Dilmurod Sayidazimov rahbarligidagi “Shohrux Demerbek” masʼuliyati cheklangan jamiyat quruvchilari belgilangan muddatdan oldin rekonstruksiya ishlarini bajargan. Oʻtgan yili 140 oʻringa moʻljallangan maʼmuriyat va ichki dorixona boʻlimlari, 15 oʻrinli shoshilinch ginekologiya boʻlimi, 25 oʻrinli 1-shoshilinch xirurgiya boʻlimi, 25 oʻrinli 2-shoshilinch xirurgiya boʻlimi, 30 oʻrinli shoshilinch terapiya boʻlimi, 25 oʻrinli shoshilinch pediatriya boʻlimi, 20 oʻrinli shoshilinch pediatriya boʻlimi rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirilgan.

Mazkur muassasaning ikkinchi bosqichi uchun 11 milliard 6 million soʻmdan ziyodroq mablagʻ yoʻnaltirildi. Ushbu yumushlarni mazkur qurilish tashkiloti quruvchilari bajardi. Davolanuvchilar uchun ham, tibbiyot xodimlari uchun ham har tomonlama qulay va shinam sharoitlar yaratildi. Qabul-diagnostika va klinik diagnostika boʻlimlari, 15 oʻrinli shoshilinch travmatologiya boʻlimi, 15 oʻrinli shoshilinch neyroxirurgiya boʻlimi, 20 oʻrinli shoshilinch bolalar xirurgiyasi boʻlimi, 10 oʻrinli toksikologiya va gemodializ boʻlimlari, 9 oʻrinli terapevtik reanimatsiya boʻlimi, 6 oʻrinli bolalar reanimatsiya boʻlimi, 9 oʻrinli xirurgik anesteziologiya va reanimatsiya boʻlimlarini rekonstruksiya qilish ishlari yakunlandi.

Gʻulom PRIMOV,

Sirdaryo viloyat

sogʻliqni saqlash boshqarmasi

matbuot xizmati xodimi.