Navroʻz bayrami arafasida Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo filialida 3 egizak dunyoga keldi.
Egizaklarning kattasini vazni 1. 930 kg, oʻrtanchasining vazni 2.400 kg, kichigi, yaʼni oʻgʻil chaqaloqning vazni 2. 100 kg boʻlib, tabiiy tugʻruq jarayonida tugʻdirib olindi. Ayni vaqtda ularning umumiy ahvoli qoniqarli.
— Rosti, quvonchimni, chegi chegarasi yoʻq, — deydi Forish tumanining Uchma qishlogʻidan Sirdaryoga kelgan, uch egizakni sogʻ-salomat bagʻriga bosgan Anorxol Isroilova. — Bu ham, yaratganning bizga, ulugʻ ayyom kunlardagi inoyati. Koʻrib turganingizdek, shifokorlar nazorati ostida davo muolajalarini olyapmiz. Menga, qolaversa, farzandlarimning tugʻilishiga yordam bergan markaz filiali rahbari, akusher-ginekolog Hanifa Sodiqova, filial rahbarining davolash ishlari boʻyicha oʻrinbosari Matluba Mirzaqulova, neonatolog Raʼno Azizova, doya Gulnora Sobirova va boshqa xodimlarga oʻz tashakkurimni aytaman.
Quvonarli tomoni, Anorxol va uning turmush oʻrtogʻi toʻrt qizdan soʻng, oʻgʻil farzand kutishgandi. Bu niyat ham amalga oshib, farzandlari soni yettitaga yetdi.